O'zbekiston Respublikasi Normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlar o'tkazilishini tartibga solish to'g'risida”gi Oliy Majlis Senatining qarori loyihasi muhokamaga qo'yildi.

Oilaviy tadbirlarni o'tkazish tartibiga qo'yiladigan umumiy talablarda aytilishicha, to'y-hashamlar soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlari soat 12:00 dan 15:00 gacha o'tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo'l qo'yilmaydi.

To'y-hashamlarda 150 nafargacha, osh berish marosimlarida 200 nafargacha kishi qatnashadi.

Dafn etish va motam marosimlarida cheklanmagan miqdorda fuqarolar ishtirok etishi mumkin, osh berish marosimlari bundan mustasno.

Oilaviy tadbirlarni o'tkazishda quyidagi talablarga rioya etilishi shart:

nikohni davlat ro'yxatidan o'tkazish hamda kelin-kuyovning to'yxonaga kelishi va ketishi bilan bog'liq oilaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta`minlash nuqtai nazaridan 2tadan ko'p bo'lmagan yengil avtomashinadan foydalanish;

oilaviy tadbirlarda pullik avtotransport xizmati faqat litsenziyaga ega bo'lgan tashuvchilar tomonidan ko'rsatilishi;

milliy urf-odat va an`analarni mensimaslik, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga yo'l qo'ymaslik;

mahallalarda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat`iy amal qilish.

Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma`ruza ko'zda tutilgan bo'lsa, ushbu ma`ruza din sohasi vakili tomonidan amalga oshiriladi.

Din sohasi vakiliga adliya organlarida ro'yxatga olingan diniy tashkilot, diniy ta`lim muassasasida ishlaydigan, diniy bilimga ega shaxs, masjid imom-xatibi va noib-imomi kiradi.

Oilaviy tadbirlarda litsenziyalanadigan faoliyat turidan foydalanilgan taqdirda, litsenziyali xizmat ko'rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslar to'yxona, kafe, restoran ma`muriyatiga va ushbu xizmatdan foydalanuvchilarga bu kabi xizmatlarni ko'rsatishga ruxsat beruvchi litsenziyaning nusxasini taqdim etadi.

Lisenziyaga ega bo'lmagan jismoniy va yuridik shaxslarga oilaviy tadbirlarda xizmat ko'rsatishga yo'l qo'yilmaydi.

Xalqimizning milliy an`analariga yot bo'lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir vaqtidagi va keyingi qo'shimcha, ya`ni “tanishuv”, “sep yoydi”, “quda tanish”, “ota ko'rdi”, “ota keldi”, “charlari”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “kuyov navkari”, “kelin navkari”, “kelin salom”, “tog'ora yuborish” va shu kabi boshqa tadbirlarni o'tkazish man etiladi. Shuningdek, “pul qistirish”, “pul sochish”, odobsiz shoular, “sevgi tarixi” (“Love story”) kabi axloq-odobga zid bo'lgan boshqa holatlarga yo'l qo'yilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog'liq milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimiz qoidalariga zid bo'lgan ortiqcha tadbirlarni o'tkazish man etiladi.

To'yxona, kafe va restoranlarda oilaviy tadbirlarni o'tkazishga qo'yiladigan talablar:

To'yxona, kafe va restoranlarda oilaviy tadbirlarni o'tkazishda:

oilaviy tadbir ishtirokchilari soni, ularni o'tkazish vaqtiga rioya etilishi;

oilaviy tadbirlarni o'tkazishga mo'ljallangan to'yxonaning infratuzilmasi lozim darajada bo'lishi;

avtotransport vositalarini saqlash joylariga ega bo'lishi;

atrofda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik, shuningdek, maishiy shovqinga yo'l qo'yilmasligi;

sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi va oziq-ovqat mahsulotlari sifat talablari darajasida bo'lishi lozim.

To'yxona, kafe va restoranlarda 50 kishi va undan ortiq shaxslar ishtirokida o'tkaziladigan oilaviy tadbirlar uchun tadbir o'tkazuvchi shaxs va to'yxona, kafe va restoran rahbari o'rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari, ish hamda xizmat turi, to'lov, xarajatlar miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan boshqa talablar ko'rsatiladi.

Oilaviy tadbirlarda san`atkorlarning (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so'z ustasi, fotograf va boshqalar) xizmat ko'rsatishi qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Oilaviy tadbirlarda bir nafardan ortiq san`atkorning (guruhning) ishtirok etishi (xizmat ko'rsatishi) man etiladi.

To'yxona, kafe va restoranlar ma`muriyati oilaviy tadbirlar o'tkazilayotganda tegishli xavfsizlik choralarini ta`minlashi shart.

To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar, Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Respublika kengashi, Respublika “Nuroniy” jamg'armasi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Xotin-qizlar qo'mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O'zbekiston musulmonlari idorasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy bo'linmalari o'z vakolatlari doirasida oilaviy tadbirlar o'tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo'yicha mas`ul hisoblanadi.

Ushbu Xabar Haqida Do'stlaringizga Ham Xabar Bering!
Всего комментариев: 0
НАЗАД
ГЛАВНАЯ

Mobile version PDA | Copyright Design by Pro "S"
Design version 1.00


Мы в социальных сетях:


REKLAMA