Слушать MP3 музыку
онлайн и бесплатно

Keyingi bekat Ayriliq
Poezd qo`zg`agan onda Baxtiyor bir qalqib
tushdi. Boshi vagon ichidagi tutqichga urildi.
Peshonasini ushlab yon-veriga alangladi. «Hech
kim ko`rmadimikin».
Ro`parasida allaqanday gazetani varaqlab
o`tirgan ayoldan boshqa vagonda hech kim yo`q
edi. Soat ham o`n birdan oshib qolgan. O`zi
bunaqa paytda odam kam bo`ladi metroda?
Baxtiyor cho`ntagidan ro`molchasini chiqarib,
lovullab turgan peshonasiga bosdi. Ishqilib, g`urra
bo`lmasa go`rgaydi.
Beixtiyor qarshisidagi ayolga tikildi va... tanidi.
Bu Saida! Xuddi o`shaning o`zi, boshqa birov
bo`lishi mumkin emas.
— Saida!
Bu ismni beixtiyor tiliga ko`chirdi. Ayol cho`chib,
avval ikki yoniga, keyin qarshisidagi yo`lovchiga
qaradi:
— Baxtiyor!
— Siz...
— Ha... tuzukmisiz? Tanimabman.
— Shuncha yil o`tib, uchrashgan joyimizni qarang.
— Buyam taqdir-da!
Taqdir! Qanchalar qudratli va beomon kuch. Shu
qadar qudratliki, butun insoniyat, zamonu makon
uning izmida.
Baxtiyor bir paytlar qaerdadir o`qigan, alhol
miyasiga kelib urilgan bu fikrdan o`zi ham dong
qoldi. Chindan-da g`alati. O`n yil avval erning
yuzasida turib, bir-biriga vido aytgan, bir-biridan
ko`ngil uzgan ikki inson ayni damda er ostida
baqamti kelib turishibdi. O`shanda kim o`ylabdi,
deysiz...
— Saida, uydagilar tuzukmi? Bolalaringiz...
— Rahmat, xudoga shukur, o`zingiznikilar yaxshi
yurishibdimi?
— Rahmat, Xudoga shukur!
Yana nima desin? Jim qolishdi. Qiziq, bir paytlar
ikkovlari soatlab gaplashishar, vaqt g`izillab
o`tganini sezmay qolishar, ularning nazarida vaqt
ham, suhbat ham tuamaydigandek edi. Endi- chi.
Ikki og`iz hol-ahvol so`rishgandan keyin gaprigani
birorta so`z qolmagan bo`lsa?
Saida ko`zlarini qo`lidagi gazetaga qadadi. Bir
nuqtaga qadalgan nigohlaridan hech narsa
o`qimayotganini aniqlash qiyin emasdi. Baxtiyor
ham unga termilgan kuyi nimalarnidir
o`ylayotgani, o`zi istamagan holda xotiralar
ummoniga g`arq bo`lgani ko`rinib turardi.
Saida! Bu ism bir paytlar uning fikru yodini, jismu
jonini, butun borlig`ini zabt etgandi. Usiz hayotni,
tiriklikni tasavvur qila olmay qolgandi. U o`zini bu
dunyoga aynan Saida atalmish benazir xilqat
bilan uchrashish, sevish va sevilish, foniy umrni
faqat u bilan birga yashab o`tish uchun kelgan,
deb bilardi o`sha paytlar.
O`sha paytlar... u bitiruvchi kursda, Saida esa
birinchi kursda o`qirdi. Muhabbat tarixi
boshqalarnikidan deyarli farqlanmasdi. O`qish
bahona tanishishdi, ko`ngil qo`yishdi. Keyin
darsdan keyingi uchrashuvlar, bog` sayri,
kinoteatrning tomoshalari zalida kechgan baxtiyor
damlar... Hamma-hammasi Baxtiyorning
xotirasida bamisoli sandiq tagida saqlanadigan
eng nodir buyumlar singari ehtiyotlab kelinardi.
Saida bilan kechgan mas`ud damlar bir kun kelib,
ana shunday nodir xotiralarga aylanadi, degan o`y
u paytlar xayolga ham kelmasdi. Birov unga
Saida payti kelib, uniki emas, etti yot begonaning
hasmiga aylanadi, desa, naq yoqasiga chang
solgan bo`lardi. Ammo, na ilojki, yaralganning
emas, Yaratganning irodasi muqarrardir.
Odatda bitiruv imtihonlarini topshirib, qo`liga
diplom olgan sobiq talabaning oldida ikki yo`l
turadi: yo shaharda qolib, biror tuzukroq ishga
joylashish yo bo`lmasa, ko`ch-ko`ronni orqalab,
qishloqqa qaytish. Albatta, shaharda qolishga
imkoniyati, tuzukroq tanish-bilishi bor odam
ikkinchi yo`lni tanlamaydi.
Baxtiyor oilada yolg`iz o`g`il edi. Ota-ona bittayu
bitta jigarbandini o`zidan yiroqlatgisi kelmaydi.
Qolaversa, shaharda qolishning ham o`ziga
yarasha murakkab tomonlari bor. Ayniqsa,
yotoqxonadagi «izzati» bitgan bitiruvchi o`ziga
durustroq boshpana topishi kerak.
U allaqachon diplomni qo`ltiqqa qistirib, qishloqqa
jo`navorgan bo`lardi. Hech bo`lmaganda, biror
maktabga borib, tarixdan dars bera olishiga ko`zi
etadi. Ammo, Saida-chi! Ota-onasi qizlarini
chekka qishloqqa uzatishga ko`nisharmidi? Har
qalay shahar va qishloq, shaharlik va qishloqi
o`rtasidagi tafovut, baribir, bilinadi.
Nega bu haqda Baxtiyor ham, Saida ham sal
ertaroq, kinoteatrning nimqorong`i zalida,
xiyobonning xilvat burchaklarida yoki darsdan
keyin huvillab qoladigan auditoriyalarda bir-
birining pinjiga kirib o`tirgan paytlarda
o`ylashmadi. Vaqti- soati kelib do`ppi tor
kelganida, ikkoviyam nima qilarini bilmay qoldi.
Baxtiyor ota-onasining ra`yini besh qo`ldek
bilardi. Muhabbati har qancha kuchli bo`lmasin,
ularning xohishiga qarshi borishni o`ziga ep
ko`rmaydi. Hamma gap qizning ota-onasida
qolgandi. Saida uydagilar bilan maslahatlashib
kelgan kuni aytgan gapi shu bo`ldi
— Adam bilan uchrasharkansiz!
Nufuzli idoraning quyiroq rutbadagi xodimi uni o`z
kabinetida, xiyol tund kayfiyatda qarshi oldi. Gap
boshlashdan avval ho`kizning qancha go`sht
qilishini chamalagan qassobday yigitga boshdan
oyoq sinchkov razm solib chiqdi.
— Qizim — meni eng katta boyligim, — dedi
vazmin ohangda ota yigitning elkasi osha devorda
ilingan allambalo jadvallarga ma`nosiz tikilib. —
Shu paytgacha uning ko`ngliga qarab keldik.
Qizimizning baxti uchun hamma narsaga rozimiz.
Faqat u ko`zimizning o`ngida bo`lsa deymiz.
Shaharda o`sgan qiz dalaning og`ir sharoitiga
chidolmaydi. Hozir ko`ziga hech narsaga
ko`rinmasligi mumkin. Lekin vaqti kelib,
afsuslanib qolishini istamaymiz. Ikkinchidan, biz
– xo`jalardanmiz. Sizlar-chi?
Baxtiyor ish bitirish ilinjida yolg`on gapirishga
o`rganmagani uchun, ochig`ini aytib qo`ya qoldi:
— Yo`q, bizning na xo`ja, na said, na eshonlarga
aloqamiz bor. Shu oddiy o`zbekmiz, xolos.
Otaning uzun bo`yni yana biroz cho`zilganddek,
kibrli qiyofasi yanada takabburlik kasb etgandek
bo`ldi:
– Unda xo`jalar qoralarga qiz bermasligini yaxshi
bilasizlarmi?
Biladi, ba`zilar o`z suhbatdoshini mensimay
sizlagisi kelmasa, negadir sensirashga ham tili
bormasa, xuddi shu tarzda – ikkinchi shaxs,
ko`plikda murojaat qilishini ham biladi.
— Mayli, men-ku odam ayirishni uncha
xushlamamayman. Lekin baribir, qizimni
Toshkentdan olib ketishlariga ikki dunyodayam
yo`l qo`ymayman. Ana, xohlasanglar, shu erda
qolinglar, tuzukroq ishga joylashib, uy-joy
masalalarini hal qilinglar, ana undan keyin yana
bir o`ylashib ko`rarmiz. Tushundinglarmi?
— Tushundik, dedi Baxtiyor istehzo bilan. — Endi
biz ketaveraylikmi?..
Har qalay Saidaning otasi Baxtiyorga qanchalik
noxush taassurot qoldirgan bo`lsa, kuyovlikka
nomzod ham unda yaxshi fikr uyg`otmagani aniq
edi. Qiz bilan keyingi uchrashuvdayoq hammasiga
nuqta qo`yildi.
Hammasi qanchalar shiddatli, ehtirosli
boshlangan bo`lsa, shu qadar tez va sovuqqonlik
bilan yakun topdi.
Oxirgi uchrashuv chog`ida:
— Dadangiz bilan men bir-birimizga to`g`ri
kelmadik, — deya dangal gap boshladi Baxtiyor. —
Bizga o`xshagan qora xalq vakillari u kishiga mos
kelmas ekan. Qolversa, qizlarini qishloqqa bermas
ekanlar. Men esa ota-onamni tashlab kelgim
yo`q.
O`shanda qizning nigohlarida chaqnagan qo`rquv,
alam, hayrat va nafratning mushtarak aksi hamon
Baxtiyorning ko`z o`ngidan ketmaydi.
— Hali shunaqmi? O`lsam ham seni deyman,
sensiz bir lahza yasholmayman, jonim jahonim
o`zingsan deganlaringiz, hammasi havoyi gaplar
ekan-da! Demak... demak...
Baxtiyor shu lahzada uning yig`lab yuborishini,
ko`ksiga boshini qo`yib, o`ksib-o`ksib yitg`lashini,
o`z sevgisi uchun har qanday to`siqni engib
o`tishga tayyor ekanligi, yigitni ham shunga
da`vat etishini kutgandi. Yo`q, u yig`lamadi,
boshqa bir og`iz gapirmadi ham. Lablarini qattiq
tishlaganicha, ters burilib ketdi. Shu asnoda uning
ortidan yugurib, qizning nozik vujudini bag`riga
bosgisi, eru osmon qorishsa ham, ota-onalar tish-
tirnog`i bilan qarshi chiqqan taqdirda undan voz
kechmasligini aytib, mahbubasini ortga qaytargisi
keldi. Ammo, bu istak yigitning qalbida qanchalar
tez uyg`ongan bo`lsa, shu qadar tez so`ndi.
Yuragining boshqa bir puchmog`ida bosh
ko`targan kibrmi, g`ururmi, allaqanday yovvoyi his
bunga izn bermadi.
Nahotki, shu bilan hammasi tamom bo`ldi? Nahot
endi ular hech qachon ko`rishmaydilar. Nahotki,
bir olam oppoq orzular bahorgi oq bulut parchasi
singari olis, sharsharadan taralgan kamalakdek
aldamchi, gul bargidagi shabnam tomchisi misol
o`tkinchi bo`lib chiqsa?
Shundan so`ng har qancha istamasin, nadomat
va hijron iskanjasida o`rtanmasin, taqdir uni
Saidasiga qayta duchor qilmadi. Faqat oradan o`n
yil o`tib...
Saida hamon qo`lidagi gazetadan ko`z uzmaydi.
Bir nuqtaga qadalgan nigohlari esa, sahifalarda
muhrlangan son-sanoqsiz mitti shakllardan ma`no
uqmoqqa ojiz.
Bir paytlar bu uchrashuvni qanchalar orzu qilgan,
kechalari uxlamay yaratganga tavallolar qilib
chiqmaganmidi? Oradan yillar o`tib alangani his-
tuyg`ular kul bosib qolgan, shirin, ehtiroslar xotira
daftaridan o`rin olgan bir paytda baqamti kelib
tushirishibdi.
...Saida ziyoli oilada, qat`iy tarti-qoidalar
qurshovida tarbiya topgan, ota-onasining xohish-
irodasi uning uchun qonun darajasiga ko`tarilgan
edi. Uydan belgilangan vaqtda chiqib ketib,
aytilgan fursatda qaytish qat`iy taomil tusini
olgandi. Ammo, muhabbat o`jar tuyg`u. U tartibni
ham, ta`qiqni ham tan olmaydi. U shunchalar
qaysarki, boshqa har qanday qonun-qoidalarni
engib o`tishga intiladi.
U ana shu betizgin kuch izmida bir paytlar sirli-
sehrli tuyg`ular, ehtirosli lahzalar asiriga
aylangani rost. Bu baxtli va mas`ud damlarni o`z
yaqinlaridan sir tutgani ham chin. Ammo ularning
baxtli onlari ota-onalarning ra`yi, irodasi
boshlangan erda intiho topdi.
Saidaning otasi Baxtiyorni o`z huzuriga chorlagan
kuni ishdan tund kayfiyatda qaytdi.
— Bo`lmaydi, — dedi qizining iltijoli ko`zlariga tik
qarashga botinolmay. — Tushun, qizim, hozir
yoshsan, bilmaysan. Ammo, ertaga boshingga
turli qiyinchiliklar tushib, ko`zing ochilganda kech
bo`ladi. Yigitning mavqei ham, oilasi ham, nasl-
nasabiyam to`g`ri kelmaydi. Keyin, sen shaharda
o`sgansan, qishloqda yasholmaysan. U erning
sharoitini tasavvur ham qilolmaysan. U esa bu
erda qolmoqchi emasga o`xshaydi.
Qiz shu asnoda hamma umidlari chilparchin
bo`lganini sezsa-da, vujudidagi bor jur`atini
to`plab, umrida ilk bora otasining yuziga tik
qaragisi, yuragida o`t olgan isyonga erk bergisi,
«Ota, hali qishloq ekan-ku, jahannamda ham u
bilan birga bo`lishga tayyorman» degisi keldi.
Ammo otaga nisbatan norozilik hissi ojizlik ko`z-
yoshlaridagina ifoda topa oldi.
O`sha oqshom tonggacha uxlolmay chiqdi.
To`g`rirog`i, keyingi hayotini Baxtiyorning
ishtirokisiz tasavvur etarkan, ko`ziga uyqu, diliga
halovat inmadi. Yo`q, bo`lishi mumkin emas. U
hayotdagi eng oliy matlabini amalga oshirishi
uchun ota-ona rizoligidan voz kechishga ham
tayyor. Ertaga fakultetda Baxtiyor bilan
ko`rishadilar. U muhabbati uchun har qanday
qarshilikni engishga tayyor. Axir bu hayotda ota-
onalar roziligisiz bir-biriga etishgan oshiq-
ma`shuqalar ozmi? Xo`sh, Baxtiyor va Saida ular
safida joy olsalar nima bo`pti?
...Ertasi kuni, fakultet orqasidagi xiyobonda
qizning yuragini lipillabgina yoritib turgan so`nggi
umid shu`lasi ham so`nib, butun borlig`ini
so`ngsiz zulmat chulg`adi. Demak, shu paytga
qadar hammadan irodali, hammadan qat`iyatli va
kuchli deb bilgani – Baxtiyor taqdir taqozosiga
shu qadar oson bo`yin egibdi.
Yo`q, bunday bo`lishi mumkin emas. Boshimga
tosh yog`sa ham, jismimni nimtalab tashlasalar
ham, jonimni ming bir azobda qiynasalar ham
sizni hech kimga bermayman, deya ahdu paymon
qilgan Baxtiyor emas, boshqa odammidi? Yoki
otasi kecha bechora yigitni qattiq tahqirlab,
qalbini vayron qildimikin?
Shu payt ko`ksini ayovsiz tilkalayotgan dard-
alamlarni kuchli bir faryod bilan tashqariga otgisi,
yigitning bo`yniga osilib, «bir umr cho`ringiz
bo`lishga tayyorman, qaerda bo`lsayam siz bilan
yashashga tayyorman, sizsiz men uchun hayot
to`xtab qoladi» deya dod solib yig`lagisi keldi.
Ammo qarshisida ojizlik va taraddud izmida
turgan bu yigit nazarida bunday fidoyilikka
noloyiqdek ko`rindi.
Aytar gapini aytib, ters burilgan chog`da ham,
yigitning ortidan yugurib kelishi, bag`riga bosib
erkalashi, ming bor aytgan o`tli, jarangdor dil
izhorini bir— da qaytarishini kutdi. Ammo kutgani
ro`yobga chiqmadi. Uning qadamlari qizni o`z
mahbubidan bir umrga olislatib borardi...
...Endi esa, ro`parasida g`urra bo`lgan
peshonasini silab o`tirgan anavi tepakal erkak bir
payt qalbiga ega chiqqan ko`rkam yigit ekaniga
ishongisi kelmaydi.
— Odatda... bunaqa kech yurmasdingiz.
Saida yalt etib gazeta sahifalari osha Baxtiyorga
qaradi. Rost, o`sha paytlarda uyga kech
qaytishdan qattiq qo`rqar, uchrashib yurganlarida
ham qorong`u tushmay xayrlashish tadorigiga
tushib qolardi. Esida ekan.
— Ha, nimasini aytasiz, — Biroz jimlikdan so`ng
Saidaning yuzlarida o`sha, qadrdon, latif kulgich
o`ynadi. — Qizlik paytlarda shunaqa edi. Adam
rosa «strogiy» turardilar. Endi... qizlari oilali, uyli-
joyli bo`lgandan keyin, hamma mas`uliyatni,
javobgarlikni kuyovlariga topshirib qo`yganlar-da!
Poezd navbatdagi stansiyada to`xtab, ularning
suhbati ham uzilib qoldi. Suxondonning keyingi
bekt haqida e`loni tugagach, Baxtiyor yana
Saidaga yuzlandi:
— Agar sir bo`lmasa... bolalar nechta bo`ldi?
Pochchamiz nima ish qilyaptilar?
Daf`atan ayolning qiyofasi jiddiylashdi. Uning yuz-
ko`zlaridan «nimaga so`rayapsan» qabilidagi
ma`noni uqish qiyin emasdi. Saidaning
taraddudlanishi Baxtiyorni ham o`ng`aysiz
ahvolga solib qo`ydi.
— Xudoga shukur, nolimayman, Bir o`g`il, bir
qizimiz bor. Katta o`g`lim ikkinchi sinfga boryapti.
Adamiz organda ishlaydilar, yaqinda unvonlari
oshdi, mayor bo`ldilar.
— Zo`r-ku, — iljayishga harakat qildi Baxtiyor. —
Unvonlari bundan keyin ham oshaversin. O`zingiz
ham ishlayapmsizmi?
— Ha, institutda dars beraman. Nomzodlikni ham
yoqlash arafasida turibman. Adamiz esa, o`zingni
qiynab nima qilasan, deydilar, eganing oldingda,
emaganing orqangda bo`lsa, sanga nima
etishmayapti? Uyda o`tir, bollaringga qara, o`sha
oladigan oyligingni men beraman, deb hol-
jonimga qo`ymayaptilar.
— Unda pochchamiz sizni juda qadrlar ekanlar!..
Hozir... uyga qaytyapsizmi?
— Ha! Oyimlarnikiga boruvdim. Xolalarim kep
qolishdi. Keyin... qop ketdim. Bolalarni
qo`shnimizning qiziga tashlab kelganman.
Bo`lmasa, yotib qolardim.
— Pochchamiz uydamasmilar? — Baxtiyorga bu
savolning javobi umuman ahamiyatsiz bo`lsa-da,
baribir nimadir deyish, nimanidir so`rash kerak
edi. Saida esa, bamaylixotir, zavq-shavqqa to`lib
gapirardi:
— Qatta? U kishi uch-to`rt kun avval chet elga,
komandriovkaga uchib ketganlar. Agar uyda
bo`lganlarida metroda yurarmidim. Yo o`zlari
borib opkelardilar, yo «slujebniy» mashinani
jo`natardilar. O`zimam... mashina haydashni hech
o`rganolmadim-da! Bo`lmasa, ana, garajda ikkitasi
yotibdi. Qaytayotganimda taksi to`xtatmoqchi
bo`ldim, lekin bunaqa bemahalda taksidan ko`ra
metro ma`qulroq ko`rindi. Metrodan shundoq
chiqishim bilan uyimiz. Besh xonali bankovskiy
uylardan olganmiz. O`zingiz nima qip yuribsiz?
Manimcha.. ketgandingiz, shekilli?
— Ha, ketganimga ancha bo`ldi... o`z soham
bo`yicha ishlamadim. Hozir kattagina fermer
xo`jaligim bor. Ancha-muncha er-suv, mol-hol,
degandek... Toshkentga fermerlar qurultoyiga
chaqishirigan ekan. Kechroq tugadi. Tasodifni
qarang. Men ham ko`pdan beri jamoat
transportida yurmay qo`yuvdim. Uch kun oldin
mashinamni remontga berganman. Yo`lovchi
mashinalardan bittasiga ilashib kelaverdim.
Yig`ilishdan chiqqanimizdan keyin sheriklar bir
restoranda o`tirib biroz chaqchaqlashdik. Taksilar
qo`nalg`asiga oborib tashlashmoqchi bo`lishdi,
o`zim ko`nmadim. Yoshlik yillarini qo`msabmi,
metroga tushgim keldi. Mana, shu bahona siz
bilan uchrashib turibmiz...
— Nimasini aytasiz?... Aytgancha, o`zingiz
oilangiz haqida gapirmadingiz.
— Menmi?... Uylanganman. O`zimiz tomondan.
Qishloqqa qaytishim bilan xolamning qiziga
uylantirib qo`yishdi. Mana, o`n yildirki, bir tomning
tagida yashab kelyapmiz. Uch o`g`lim bor.
Uchoviyam quyib qo`ygandek bir-biriga o`xshaydi.
Kattasi futbolga qiziqadi. Ikkita kichigi qachon
qarama, bir-biri bilan boks tushadi. Rosa
shumtaka!
— Rostdanmi? Menikilar ancha quyilib qolgan.
Katta o`g`lim nuqul besh oladi. Yurist bo`laman
deb yuribdi. Qmzim esa, do`xtir bo`laman, deydi.
— Yaxshi. Inson baxtli yashashi uchun bundan
ortiq yana nima kerak? Oilangiz tinch, ro`zg`oring
but, bolalaringiz sog`-salomat bo`lsa, shuni o`zi
etarli-da!
— To`g`ri aytasiz, bandasi sabr qilsa,
Yaratganning o`zi bir kuni baxtini to`kis qilib
berarkan.
— Haq gap. Xudoga shukur qilishimiz kerak!
— Ha, Xudoga shukur!...
Shundan keyin ovozkuchaytirgichdan navbatdagi
bekat e`lon qilingunga qadar jim borishdi. Aytilishi
kerak bo`lgan gaplar oxirigacha aytib
bo`lingandek edi.
— Baxtiyor aka, men etib keldim. Siz ham yaxshi
etib oling. Uydagilarga, kennoyimga salom deng.
Bollarani o`pib qo`ying.
Baxtiyor bir zum ayolga hissiz termilib turgach,
xiyol jilmaydi. Ohista o`rnidan qo`zg`aldi.
— Bo`pti, siz ham yaxshi dam oling. Biz
tomonlarga yo`lingiz tushsa, albatta, kirib o`ting.
Pochchani, bolalarni olib boring, xo`p.
— Mayli!
— Xayr!
«Ehtiyot bo`ling, eshiklar yopiladi. Keyingi
bekat...»
Eshiklar sharaqlab yopilgach, vagon bir silkinib,
ilgariladi. Oynadan umidsiz tashqariga
termilarkan, bekatdagi turfa chiroqlar, devoriy
suvratlar, Saidaning baxt polrlab turgan qiyofasi
ortda qolayotgan edi. Nihoyat, poezd yana
qorong`i g`or ichidan o`rmalay boshladi.
Qachondir bu tanish bekatni ko`rish yana nasib
etar, ammo, Endi Saidani qaytib ko`rolmasligi
haqiqatga yaqinroq.
Yuz-ko`zlari aytib turibdi: u hayotidan mamnun.
Eri haqida gapirayotganida chehrasi yanayam
porlab ketdi. Baxtini topgani rost bo`lsin.
O`shanda, qalb amriga quloq tutib, uni o`zi bilan
qishloqqa olib ketganida nima bo`lardi?
Umrida ikki og`iz yolg`onni eplab gapirolmaydigan
odam shuncha uydirmani qanday to`qib
tashladiykin? Fermer xo`jaligimish? Qurultoymish?
Restoranda ziyofatdan kelayotganmish... Aslida
peshindan beri tuz totgani yo`q. Qiziq, shuncha
safsata gaplarni batafsil aytib berishga kim uni
majbur qildi?
Boshqa nimayam desin? Maktabda maosh kamlik
qilib, ishdan bo`shaganini aytsinmi?
Dehqonchilikda ham, savdoda ham ishi
yurishmaganidan gapirsinmi? Toshkentga fermer
qurultoyiga emas, vazirlikda ishlaydigan bir
tanishining yoniga tuzukroq ish so`rab kelganini
Saidaga qanday aytsin? Rostmi-yolg`onmi, tanishi
ish yuzasidan chet elga ketganmish, bir oysiz
qaytmasmish.
«Uch o`g`lim bor» deb qaysi til bilan aytdi. Xudo
bittasini berganda ham jon derdi. Xotini bilan
salkam o`n yil umid bilan bir yostiqqa bosh qo`yib
keldi. Do`xtirlar tekshirib, aniq-tiniq xulosani
aytgach, ajrashishga majbur bo`lishdi.
Farzandsizlik sababi er-xotinning yaqin
qarindoshligida ekan...
Bir tomondan shu yolg`onlar bo`lmaganida holi
nima kechardi? Saida uning haqiqiy ahvolidan
xabar topganida nima qilardi? Rahmi kelarmidi?
Ich-ichidan sevinarmidi? Yo`q, Saida unaqa
qizlardan emasdi. Yana kim bilsin, shart-sharoit
har qanday odamni ham o`zgartirib yuborarmish.
Saidaga uylanganida balki hayoti butunlay
o`zgarib ketarmidi? O`shanda Saida hozirgidek
o`zini baxtli, saodatli his etarmidi? Kim bilsin,
buni taqdir deydilar. Mayli ikkovlari birga baxt
nashidasini surishmagan bo`lsa-da, loaqal ulardan
biri chindan baxtli ekan, shunisiga ham shukur.
Baxtiyortning parishon yuzlarida xayolchan
tabassum indi...
— Oka, bu oxirgi stansiya. Tushmaysizmi?
Xizmat kiyimdagi metro xizmatchisining
dashnomidan hushini bir joyga to`plagan baxtiyor
horg`in qadamlar bilan tashqariga chiqdi.
Metro bekati yaqinidagi maydonchada tizilib
turgan avtobuslar orasidan keragini qidirib topdi.
Bo`sh o`rindiqlar qolmabdi. Yo`lakda o`tirib
ketadigan bo`ldi. Avtobus xuddi uning kelishini
kutib turgadek, guvillagancha oldinga siljidi.
...Shuncha yolg`on gapga ishondimikin?
Oliftagarchilikka balo bormidi? Uyida qo`sha-
qo`sha mashinasi bor odam metroda yuradimi?
Eri xorijga, komandirovkaga ketganmish. Yaqinda
mayor bo`lganmish. Go`r bularmidi? Milisiyadan
quvilganiga etti yil bo`ldi-ku! Tuppa— tuzuk ishlab
yuruvdi, balo bormidi «gera»mi, go`rmi-ermi,
o`shanaqa narsaning savdosiga aralashib. Bu
gaplarni Baxtiyorga qanday aytadi? Boshqa
nimayam desin? Qo`lga tushib, qamalib ketganini
aytsinmi? Erini chiqarib olish bor budini, hatto
uyigacha sotgani-yu, hozir ikkita bolasi bilan
birovning uyida ijaraga turganini hasarat qilsinmi?
Institutdan oladigan oyligi yo`lkirasiyu ijara puliga
uchma-uch etadi. Repetitorlik qilib topgan besh-
to`rt tangasi ro`zg`orni boqishga arang etib
turibdi. Yolg`iz ayolga qanchalik qiyinligi
boshqalar bilmasayam Saida yaxshi biladi.
Nima bo`lgandayam, to`g`ri qildi. Mayli, baxtsizlik
ham kimgadir nasib qilishi kerak-ku! Oradan
shuncha yil o`tgan bo`lsa-da, bir zamonlar
yuragida ishq undirgan o`sha yigitni yana bir
ko`rsam edi, degan mitti bir ilinj lipillab kelardi.
Loaqal shu orzusi (agar bu orzu bo`lsa) amalga
oshdi-ku! Qiziq, xolasining qizini... sevarmikin? U-
chi? Mayli, qo`sha qarishsin!
Saida ana shu xayollar qurshovida eshik
tugmasini bosayotganida, Baxtiyor joy olgan
avtobus shaharni tark etib ulgurgandi...
Категория: Hayotiy Hikoyalar | Добавил: Isroil (24 Янв 2019)
Просмотров: 2007 | Рейтинг: 0.0/0