Слушать MP3 музыку
онлайн и бесплатно

Mustahkam sevgi sirlari (Faqat qizlar o’qisin!)...
Sevgi-muhabbat abstrakt tushuncha bo‘lib, asta-sekinlik bilan yoxud birdaniga kirib keladigan ruhiy jarayon hisoblanadi. Muhabbat sevgan insoni bilan yoqimli hayotga qarashlarning, qiziqishlarning, hislarning umumiyligi va butun umrga ittifoqlik baxsh etadigan shodlik bilan ifodalanadi. Sharqda sevgini izhor etish ko‘proq milliy urf-odat va tushunchalar bilan bog‘liq bo‘ladi. O‘zbek ayollari o‘zining ibosi, hayosi, samimiyligi, kamsuqumliligi bilan ajralib turadi. Shu nuqtai nazardan, quyida qizlarimizning hayoti davomida o‘z juftlarini topishida nimalarga e'tibor qilishlari kerakligi xususida so‘z yuritamiz. Maslahatlar
1) Doimo hushmuomala, kamgap, samimiy va sabrli bo‘ling. Kishini o‘ziga chorlaydigan husn - tildan chiqadigan so‘zlarning ma'nosidir. Hayotingiz mobaynida o‘zingizdan-da so‘zingiz yoqimli bo‘lsin. Ko‘proq adabiy tilda gapirishga odatlaning. Yigit kishi shirin so‘zga shaydo bo‘ladi, buni unutmang. Odamlardan, xususan, o‘zingiz yoqtirgan kishingizdan o‘zingizni ustun qo‘ymang. Hech qachon ota-onangiz mansabini uning oila a'zolari mansabi bilan taqqoslamang.
2) Tashqi qiyofaning go‘zalligiga emas, qalbning pokligiga e'tiborli bo‘ling. Qalbi go‘zal odamgina unga bo‘lgan mehrni, atrofdagi ne'matlarni qadrlay oladi. Yigitlarning ijobiy xislatlarini emas, balki salbiy tomonlarini ham his qiling, lekin kamchiliklarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yuziga solmang! Uning nuqsonlarini ohistalik bilan, shaxsiga tegmaydigan qilib tushuntiring. Jahlingizni chiqaradigan savol berganda irodali bo‘lib, bosiqlik bilan javob qaytaring. Achchiqlanganingizni sezdirmang.
3) Yigit kishiga yaqinlaringizning muammolarini aytib, undan ma'naviy yordam kutmang. Sizni oqlab gapirsa-da, yaqinlaringizga nisbatan hurmati so‘nadi. Uning o‘zi haqida bilishni xohlab hadeb savolga tutavermang. Chunki hech kim o‘zida bor qusurlarni aytmaydi.
4) Erta tongda uyg‘onishga odatlanig. Kiyinishingiz va o‘zingizning ozodaligingizga e'tiborli bo‘ling. Tashqi qiyofangizdan kelib chiqib, "men go‘zal emasman" deb o‘kinmang. Ichki dunyoqarashingiz doimo go‘zal bo‘lsin. Muhabbat husn tanlamaydi. Garchi Layli u darajada chiroyli bo‘lmasa-da, qalb go‘zalligi tufayli Majnunning ko‘ziga parivash bo‘lib ko‘ringan. Shuningdek, ortiqcha tilla taqinchoqlar, haddan ortiqcha pardoz, qimmatbaho g‘arb andozasida tikilgan kiyimlarda yuradigan qizlarga xaridorlar ko‘p bo‘lsa-da, aksariyat yigitlar Sizni emas, boyligingizni sevishi mumkin. Buni aslo unutmang.
5) Sevgan kishingiz Sizdagi yashirin fazilatlarni ko‘p deb bilsin. Siz esa hamisha sirli sandiqday tursangiz, u Sizga shunchalik intiladiki, yashirin fazilatlaringizning hammasini bilishga qiziqadi. Uning savollariga hamisha kamtarona javob berishga harakat qiling.
6) Qiz bola iboli, sharm-hayoli va nazokatliligini o‘zining hatti-harakati, muomalasi, nutqi, fikrlari orqali ifodalashi kerak. Hamisha o‘zining or-nomusini muhofaza qilishi lozim. Yigit va qiz o‘rtasida albatta, "parda" bo‘lishi shart. Siz yaqin bo‘lishga harakat qilsangiz, u Sizdan qochishga intiladi. Agar u Sizni sensirasa, masxara qilib gapirsa yoxud ruxsatsiz sigaret chekib, tuflab o‘tirsa, bilingki, bu uning madaniyatsiz va didsizligidan dalolatdir.
7) Siz uning nimalarga qiziqishini, qanday rejalari, maqsadlari borligini bilishga qiziqyapsiz. Buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki shu mavzuda suhbatlashganingizda savollar yordamida bilishga harakat qiling. Masalan: "Nima uchun?" deb emas, "Qanday qilib erishmoqdasiz?" degan savol berib, uning mantiqiy tafakkurini bilish mumkin.
8) Suhbatlashayotganingizda atrofdagilarga qaramang. Mashhur kinoyulduzlar, san'atkor yigitlar, ularning yutuqlari haqida iloji boricha gapirmang. Sizga bir paytlar sevgi izhor qilgan yigitlar bilan faxrlanmang. Garchi o‘zingizga obro‘yingiz oshayotganday tuyulsa-da, aslida yigit kishini kamsitayotgan bo‘lasiz. Shundan keyin u o‘zini Sizdan olib qochishga harakat qila boshlaydi.
Категория: Советы для женщин | Добавил: SONE (19 Янв 2019)
Просмотров: 1770 | Теги: Qizlar, Mustahkam, sirlari, o’qisin!)..., (Faqat, Sevgi | Рейтинг: 0.0/0