×

Alalal(30)


So'nmagan Umid (real voqiya)
Jonlantirish bo‘limi… Bu so‘zni eshitgan insonning ko‘nglini xadik, xavotir va ba’zan biroz qo‘rquv qamrab oladi. Jonsiz tananing o‘lim bilan hayot o‘rtasida olishuvi bo‘lib o‘tadigan bu xona kishilarni mana shunday sarosimali holatga solishi tabiiy, albatta. Jonlantirish bo‘limida yotgan bemor yashash uchun kurashar ekan, hayotning naqadar go‘zalligini, betakrorligini, umrning totli hamda shirin ekanligini yanada chuqurroq his qiladi…

Sizlarga ish faoliyatimda bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab bermoqchiman, zora.. zora shu bilan ko‘nglimdagi g‘uborlar sal bo‘lsa ham arisa…

O’zim hamshiraman. O’sha kuni kechki navbatchilikda edim. Har doimgidek ish qizg‘in. Bizning “Bolalar reanimatologiya va anesteziologiya” bo‘limimizda chaqaloqlardan boshlab, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar davolanadi. Har bir bolajonning ko‘zlarida hayot uchun kurashga bo‘lgan shijoatni ko‘rib, ko‘zingizga beixtiyor yosh keladi.

Soat 22:30… Kutilmaganda shoshilinch xabar keldi: bosh miya jarohati bilan 4 oylik chaqaloq operatsiya qilinmoqda ekan, operatsiyadan so‘ng bizning bo‘limga yotqiziladi, bemor uchun darhol joy hozirlash kerak. Bemor bola uchun tezda joy tayyorladim, nafas beruvchi apparat, labaratoriyaga yo‘llanma, kerakli jihozlarni taxt qilib qo‘ydim. Oradan ikki yarim soat vaqt o‘tgach bemorni bizning bo‘limga olib kirishdi. Apparatlar ulanib, qon tahlillari aniqlandi. Bemor bolaning ahvoli juda og‘ir edi. Uning onasi, yaqinlari Jonlantirish bo‘limi eshigi oldida Tangridan najot kutib yig‘lashardi. Ayniqsa, ona… onaizor qo‘llari titrab “Bolajonimning dardiga shifo ber, Allohim”, deb duo qilardi. Ikki ko‘zini Jonlantirish bo‘limi xonasiga tikkancha shifokorlarning chiqishini, “Xavf ortda qoldi, farzandingizning sog‘lig‘i yaxshi”, deyishini intizorlik bilan kutmoqda.

Bolani qon guruhi aniqlanib, kerakli qon quyildi. Ahvoli birmuncha yaxshilandi. Ammo chaqaloqda “Travmatik shok”, ya’ni jarohatdan keyingi o‘tkir qon tomir yetishmovchiligining og‘ir darajasi bo‘lganligi sababli har lahzada xavf ta’qib etmoqda. Oldindan bir narsa deyish qiyin…

Shifokorlarning biri bemor bolaning onasini oldiga chiqib, uni tinchlantirdi, tibbiy ahvoli haqida ma’lumot berdi. Ona uchun bo‘lim palatasidan joy ajratildi. Bolaga kerakli hamma dorilar, muolajalar qilinmoqda. Afsuski, natija sezilarli darajada yaxshi emas. Ammo yurakda umid bor, u har bir shifokorni to‘xtab qolmaslikka undardi.

Shu asnoda ertalab navbatchilikni topshirib, uyga qaytdim. Tuni bilan uxlamaganman, charchoq… Ammo bular sezilmasdi, xayolim o‘sha jajji bemor bolajonda edi. Uning beg‘ubor va mahzun chehrasi xayolimdan sira ketmasdi. Shifoxonaga qo‘ng‘iroq qilib hamkasblarimdan uning ahvoli haqida tez-tez xabarlashib turdim, javob bir xil: ahvol o‘sha-o‘sha…

Oradan ikki kun o‘tib, yana navbatchilikka bordim. Borishim bilan darrov bemor bolajondan xabar olgani kirdim. O’zgarish yo‘q… Uni ko‘rib ko‘nglim yanayam ezilib ketdi.

Afsuski, meni boshqa bemorga biriktirishdi. Ishlarimni tezda bajarib, ora-orada uning ham ahvolidan xabardor bo‘lib turardim. Onasi kecha-yu kunduz mijja qoqmay qarog‘ining boshida yuz-ko‘zlarini o‘pib-silardi, Tangridan sog‘lik tilab duo qilardi faqat.

Soat tungi 02:30… Chaqaloqning ahvoli birdaniga og‘irlasha boshladi. Qon bosimi va yurak urishi tushib ketdi. Kerakli dorilar qilindi, qon bosimini ko‘tarish uchun harakat boshlangan. Ammo chaqaloqda harakat reflekslari yo‘q. Dorilar bilangina uning hayot ko‘rsatkichlari ushlab turilibdi, xolos…

Shu ahvolda yana tong otdi. Biz hamshiralar bemorlarimizni kunduzgi hamshiralarga topshirib, uyga yo‘l oldik. Ammo doimgidek yuragimning bir parchasi kasalxonada qoldi.

Oradan uch kun o‘tdi. Yana navbatchilikka keldim. Ammo bu safar ham o‘sha chaqaloqqa qarash nasib etmadi. Menga biriktirilgan bemorlarim ham ko‘p edi. Ammo vaqt topdim deganda chaqaloqdan xabar olardim. Uning munchoqdek ko‘zlari yumuq bo‘lsa-da, u bizni kuzatayotgandek, eshitayotgandek tuyulaverardi. Onasining ko‘zlaridan oqayotgan shashqator yoshlarni ko‘rib, “Onajon, men hali ko‘p yashayman, yig‘lamang”, deyotgandek bo‘lardi. O’zimni hech qachon bunday shikasta, ezgin, tushkun kayfiyatda tutmagandim, negadir, negadir shu bolachaga juda bog‘lanib qolgandim… Uni yashashini istardim…

Soat tongi 4:15 larda yonimdagi palatada yugur-yugur boshlandi. Xavotir bilan men ham yugurib bordim. Chaqaloqning ahvoli tobora og‘irlashmoqda edi. Onaga xabar berildi. Har daqiqa g‘animat…

Chaqaloqning yurak urishi tobora pastlamoqda. Qon bosimini apparat ham o‘lchashi qiyin. Zudlik bilan gormonlar, dorilar birin-ketin qilindi. Ammo barcha muolajalar besamar edi. Chaqaloq vujudidagi jajjigina yurak kutilmaganda urishdan to‘xtadi… Zudlik bilan yurak massaj qilindi. Ammo natija yo‘q. Klinik o‘lim o‘z o‘rnini biologik o‘limga bo‘shatib berdi…

Qarshimizda jonsizgina murg‘ak, hali hayotda yashab ulgurmagan, ma’yus chehrasida “Onajon, yig‘lamang, men osmonlarga qush bo‘lib uchib ketmoqdaman”, degan so‘zlar zohir edi. Chaqaloq oldiga barcha shifokorlar to‘planib muhokama qilishdi. Apparatlar o‘chirilmagan holda uning yaqinlari kiritildi. Ota-ona sho‘rlik chaqaloq boshida afsus, armon bilan qon yig‘lardilar…

Kerakli hujjatlar yozildi… Apparatlar o‘chirildi… Bolajon tozalanib, jag‘lari, qo‘llari, oyoqlari qotib qolmasdan oldin bog‘landi. Nazarimda, shu oqshom juda qisqa bo‘ldi, tezda oppoq tong otdi. Bolajonni “Patanatomiya”, ya’ni o‘liklar bo‘limiga olib ketishdi…

Bemor chaqaloqning, to‘g‘rirog‘i, marhum chaqaloqning bo‘shagan karavoti oldiga kelib bir men emas, hamma yig‘ladi… Bir parcha go‘dak yashash uchun shuncha kurashdi, ammo…
Категория: Hayotiy Hikoyalar | Добавил: Isroil (24.01.2019)
Просмотров: 2934 | Рейтинг: 0.0/0
home-page--v1 messaging- mms tasks--v1