Ziddiyatlar — har doim muammo. Ularni tinch yo`l bilan bartaraf etish, undan ham muhimrog`i, oldini olish uchun nima qilish kerak? Quyida “urish-janjallarsiz munosabatlarni qanday qurish mumkin?” degan savolga javob berishga harakat qilamiz. 1. Ehtiroslarni jilovlang. Avvalo, qiziqqonlikka berilmasdan, tuyg`ularingiz izmiga yurmasdan, tiniq aql bilan o`ylashga o`rganishingiz kerak. Jahl chiqqanda aql ketadi, deb bejiz aytishmagan. Ko`pincha achchiq ustida nojo`ya gaplarni aytib, keraksiz harakatlarni qilib yuboramiz-da, keyin afsuslanib o`tiramiz. Chunki ehtiroslarimiz aqlimizni o`tmaslashtirib qo`yadi. O`zimizni raqibdan aqlliroq va fikrimizni unikidan muhimroq hisoblay boshlaymiz. Bu — noto`g`ri. Bekorga sharq falsafasida, tasavvufda ham fikrni va tuyg`ularni nazorat qilish asosiy o`ringa qo`yilmagan. Nega boboyu buvilarimiz doim xotirjam, sokin? Chunki ular ko`p yillik tajribaga tayangan holda tuyg`uga emas, aqlga erk berishni biladilar. 2. Yo`q narsalarni o`ylamang. Xitoylarda shunday maqol bor: «Kamroq o`ylasang, ko`proq kulasan». Bu nima degani? Yo`q joydan muammo o`ylab topib, uni xayolida shishirib, ziddiyatni yuzaga keltirib, janjallashib ketadigan odamlarni uchratganmisiz? Ko`p uchratgansiz. O`zingiz-chi? Shunday qilmaganmisiz hech? Aminmanki, sizda ham bo`lgan. Agar muammo haqida kamroq o`ylaganingizda, uni yomon oqibatlarga olib borib bog`lamaganingizda, aksincha, keyinroq unga qaytish sharti bilan miyangizning bir chekkasiga uloqtirganingizda nima bo`lardi? Avvalo, muammo bu qadar katta tuyulmasdi. Qolaversa, biroz sovigach, uning oqilona echimini topgan bo`lardingiz. Masalan, ish yuzasidan oldingizga kelishi kerak bo`lgan tanishingiz uchrashuvga kech qolayapti, telefoni o`chirilgan, internetga ham chiqmayapti. Nega bunday bo`layapti, deb o`ylay boshlaysiz. Meni hurmat qilmaydi, meni hurmat qilmagan, ishni hurmat qilarmidi, unga ishonib bo`lmaydi, meni aldab ketadi va h.k. O`zingiz o`ylab topgan bu ssenariyga o`zingiz ishonib, go`yoki bu real hayotda sodir bo`lgandek hamkoringiz eshikdan kirib kelishi bilan unga tashlanasiz. Balki uzrli sababi bordir, balki siz uchun foydali biron ishni qilib kech qolgandir. Biroq siz allaqachon u bilan munosabatni buzib bo`ldingiz. Hozirgi daqiqa bilan yashashni va kelajakni qora ranglarda ko`rmaslikni o`rganmaguningizcha, hayotda yutqizaverasiz. 3. Vaqtni to`g`ri tanlang. Ko`pincha ziddiyatlar suhbatdoshlardan birining suhbatga tayyor bo`lmagan payti ro`y beradi. Agar hamkasbingiz, turmush o`rtog`ingiz, farzandingiz va boshqa kimdir kayfiyatsiz ekanini sezsangiz, unga tavsiya, maslahat va savollaringiz bilan murojaat qilmang, tinch qo`ying. Ertagacha kuting, balki hammasi yaxshi bo`lib ketar, shunda suhbatni boshlasangiz bo`ladi. Ishdagi muhim muzokaralarni kunning ikkinchi yarmiga, tushlikdan keyinga qoldiring. Bu paytga kelib inson ishga ancha kirishib olgan, qorni ham to`q, g`ayrati jo`sh urgan bo`ladi. Bu esa ziddiyatli vaziyatlar xavfini pasaytiradi. 4. Oqibatni emas, sababni izlang. Doim oqibat bilan kurashamiz, unga olib kelgan sababning tagiga etishni o`ylab ham ko`rmaymiz. Hamisha muammoga kengroq qarang, ziddiyatdan tashqariga chiqing, vaziyatni tahlil qilib ko`ring va kelajakda bunday muammolarga duch kelmaslik uchun nima qilish kerak degan savolga javob izlang. 5. Hozirgi daqiqada yashang. Jiddiy janjallarga sabab bo`ladigan yana bir xato – o`tmish xotiralari. Nega insonning yuziga o`tmishda qilgan xatolarini solasiz? Bu hech qachon ziddiyatni bararaf etishga yo`l qo`ymaydi, aksincha, uni yanada avj oldiradi. Faqat bugungi kun bilan yashang. Bo`lar ish bo`ldi, o`tmishni tuzatib bo`lmaydi, har qanday inson ham takroriy imkoniyatga haqli. 6. Muammolarni yig`ib yurmang. Ajoyib maqol bor: «Muammolarni ular paydo bo`lgani sari echib borish kerak». Bu – haqiqat. Alamlarni, tashvishlarni, bahsli masalalarni yig`ib yurish yaxshi emas. Hammasini issig`ida muhokama qilib, hal etishga odatlaning. Muammolarni turgan sayin ortib boraveradigan qor uyumiga o`xshatish mumkin. Agar qorni vaqtida kurab tashlamasangiz, u bir kun kelib boshingizga o`zi bilan bir talay tashvish va janjallarni qo`shib olib qulaydi. Suhbatdoshingizning jahli chiqib, jazavasi tutib turgan bo`lsa, masalaning echimini bir-ikki soat yoki kunga kechiktirish mumkin, ammo, albatta, uni hal eting yo vaziyatni boricha qabul qiling va kechiring. Ikkinchi tomondan, xali mavjud bo`lmagan, kelajakda yuz berishi mumkin bo`lgan muammolar haqida bosh qotirmang – ularni ham paydo bo`laganidan keyin hal qilasiz, agar haqiqatan ham ular sodir bo`lsa! 7. Alamingizni ichingizga yutmang. Bu muammo avvalgisi bilan chambarchas bog`liq. Alamni ichga yutib, qasos olish uchun rejalar tuzib, tashvishlanib, siqilib yurish yaramaydi. Agar ziddiyatlarsiz yashashni istasangiz, barcha bahsli nuqtalarni xotirjam hal qilib, keyin esa unutib yuborishga o`rganing. Ichingizdagi ziddiyatni qanchalik tez bartaraf etsangiz, o`zingizni ortiqcha og`ir xayollardan shunchalik tez xalos qilasiz. 8. Haqoratlamang. O`zingizni bu darajagacha tushirmang. Olimlarning aniqlashicha, agar inson bahs payti shaxsiyatga o`tsa, raqibini haqoratlay boshlasa, bu uning zaifligi, o`z nuqtai nazarini himoya qila olmasligi va nohaqligidan dalolat ekan. Odatda, o`zining nohaqligini bilgan, ammo manmanligi buni tan olishga yo`l qo`ymayotgan inson haqorat qilishni boshlaydi. Unutmang, haqorat vaziyatni yaxshilamaydi, balki uning yanada yomonroq janjalga aylanib ketishiga olib keladi. 9. Gap ohaningizni nazorat qiling. Ba`zan aytilayotgan so`zning o`zi emas, aytilish ohangi odamga qattiq botadi. Shu sababli u yoki bu so`zni (gapni) qanday ohangda talaffuz qilayotganingizga e`tibor bering. Kinoya qilmang, piching otmang, mazaxlamang, bu ko`pchilikka yoqmaydi, albatta. O`zingizni doim raqibingiz o`rniga qo`yib ko`ring, menga shunday desalar, nima qilardim deb o`ylang. Sizga qanday munosabatda bo`lishlarini istasangiz, o`zingizni atrofdagilar bilan shunday tuting. 10. Jazavaga tushmang. Jazava, isterka boshqa bir odamni boshqarishning ajoyib usuli. Ha, u janjalni bir muddat tinchlantirishi mumkin, ammo muammo muammoligicha qoladi, vaziyat echim topmaydi. Shunday ekan, ovozni balandlatib, stolni mushtlab, chinnilarni sindirishdan ne naf? Xo`sh, janjalni siz boshlamagan bo`lsangiz-chi? Sizga nisbatan ovozlarini ko`tarsalar, psixologik hujum qilsalar-chi? Unda nima qilish kerak? Yagona qoida: og`zingizni yuming! Esingizdami, maktabda o`qituvchilaringiz og`zingizni qulflab, kalitini ko`chaga uloqtirishingizni aytishardi. Ortiqcha gapirib yubormaslik, olovga moy sepmaslik uchun eringiz (boshlig`ingiz, qaynonangiz…) ichidagini to`kib bo`lmaguncha, og`zingizga suv solib, yutib yubormay turing. Bora-bora u ham tinchlanadi. Muammoni esa keyinroq, jahldan tushganda muhokama qilasiz. manba: Darakchi.uz | |
| |
Просмотров: 1562 | |