Juftliklar tug`ilajak zurriyodlarining hayoti, salomatligi oldida mas`uliyatlari juda katta. Homiladorlik o`z vaqtida yuz berishi, eng asosiysi, me`yorda kechishi uchun unga tayyorgarlik ko`rish shart. Buning uchun er-xotinlar sog`lom turmush tarziga rioya qilishi maqsadga muvofiq. AYoLLAR UChUN! 1-tavsiya: Tibbiy ko`rikdan o`ting. Bu borada, allaqachon, qadam tashlagansiz. Chunki nikohdan oldin tibbiy ko`rikdan o`tib, tahlillar topshirgan, mavjud kasalliklarga qarshi davo choralarini ko`rgansiz. Ammo siz ikkinchi yoki uchinchi bor farzand ko`rishni rejalashtirayotgan bo`lsangiz, albatta, shifokorga murojaat qilishingiz kerak. 2-tavsiya: Darmondorilar yordamiga tayaning. Hozir vitaminlar qabul qilishning ayni vaqti. Ularning ba`zilari bolani nasliy xastaliklardan himoya qilish hamda tashqi ta`sirlardan saqlash xususiyatiga ega. Ayniqsa, foliy kislotasini qabul qilishga e`tibor bering. U homiladorlikning tezroq yuzaga kelishiga yordam berib, homila rivojlanayotganda uni nuqsonlardan himoyalaydi. Ushbu vositani homilador bo`lishdan 3-6 oy avval qabul qilishni boshlab, homiladorlikning 2-3-oyida to`xtatishingiz mumkin. 3-tavsiya: Taomnomaga e`tibor bering. Bo`lajak onaning taomnomasi vitamin, mineral, oqsil va yog`larga to`yingan bo`lishi kerak. Ayni damda qizil va sariq tusdagi meva-sabzavotlarni imkon qadar ko`proq iste`mol qilishi tavsiya qilinadi. Ular tarkibidagi A, E va V guruh vitaminlari tezroq homilador bo`lishingizga ko`maklashadi. Bundan tashqari, bo`lajak ona haftada bir marta bo`lsa ham, baliq, kurka go`shtidan tayyorlangan taomlarni tanovul qilishi lozim. Ular yog`li kislotalar va oqsilga boy bo`lgani uchun organizmga quvvat bag`ishlaydi. Shuningdek, E vitamini (loviya, zaytun moyi)va K vitaminiga (ismaloq, oshqovoq, pomidor, baqlajon, yashil no`xat, tuxum sarig`i) boy mahsulotlar bu davrda organizm uchun bebaho hisoblanadi. Sog`lom homiladorlikning garovi hisoblangan foliy kislotasini oziq-ovqat mahsulotlaridan ham topish mumkin. Ko`katlar (ayniqsa salat bargi, sarsabil, kashnich), qora non, gulkaram, banan, olma, lavlagi, qizil sabzi, grechixa yormasi, xandon pista va bodom, jigar va tuxumda bu vitamin bisyor bo`ladi. 4-tavsiya: O`zingizni asrang. Asabiylashish, tushkunlik ovulyasiyaga ta`sir qilishi mumkin. O`zingizni qo`lga ololmay, arzimas narsalarga ham asabiylashaversangiz, ruhshunos qabuliga yozilishga uyalmang. 5-tavsiya: Dam olishni unutmang. Uzukkun bir joyda o`tirib ishlash jinsiy a`zolarda qon aylanishini sekinlashtiradi. Bu esa yallig`lanishlar uchun imkon yaratib, homilador bo`lish orzungizni ortga suradi. Ish payti har 40 daqiqada turib, xonada yurish, yengil gimnastik mashqlarni bajarish kerak. Bundan tashqari, ish va uyda o`zini zo`riqtirish, vaqtida uxlamaslik natijasida ayol organizmi holdan toyadi. Bu holatda miyadagi homilador bo`lish istagi organizm tomonidan rad etiladi. Shuning uchun ayol o`zini ehtiyotlashi, barcha muammolarni nari surib, vaqtida dam olishi muhim. 6-tavsiya: Vaznga e`tibor bering. Vazn kam bo`lsa, ayol organizmida estrogen gormoni kam ishlab chiqiladi. Bu esa follikulalarning yaxshi rivojlanmasligiga olib keladi. Organizmdagi ortiqcha yog`lar esa tuxum hujayrani yetiltirmaydi. 7-tavsiya: Ko`p dori ichmang. Antibiotik, uyqudori, gijjaga qarshi vositalar tuxum hujayraning yetilishiga to`sqinlik qiladi. Jinsiy aloqa paytida har xil intim kremlardan foydalanmang. Ular spermatozoidlarni nobud qiladi. Agar ma`lum muddat homiladorlikdan saqlovchi dorilar qabul qilgan bo`lsangiz, ularni to`xtatish va homilador bo`lish orasida kamida 3 oy o`tishi kerak. Bu oraliq yaqin bo`lsa, homilador bo`lishingiz mumkin, ammo keyin ovulyasiya vaqtini aniqlash qiyin kechadi. Spiralni oldirganingizdan keyin ham organizm tiklanishi uchun kamida 3-6 oy talab etiladi. Aks holda homila tushishi mumkin. 8-tavsiya: Immunitetni oshiring. Piyoda yurish, ertalablari issiq suvda dush qabul qilish, badantarbiya mashqlarini muntazam bajarish immun tizimni kuchaytirib, homiladorlik paytida ayolni yuqumli kasalliklar va shamollashlardan asraydi. Himoya tizimingizni quvvatlash uchun ko`proq tabassum qiling. Hatto bunga xohishingiz bo`lmasa-da, 2-3 daqiqa davomida jilmayishga urining. Yuz mushaklari bu harakat orqali bosh miyaga xursand bo`lish haqida buyruq boradi va qonda baxt gormoni (serotonin) ko`payadi. Qarabsiz-ki, kayfiyatingiz ko`tarilib, o`zingizni baxtli seza boshlaysiz. Homilador bo`lish istagida bo`lgan ayol uchun bundan yaxshi chora bormi? ERKAKLAR UChUN! 1-tavsiya: Zararli odatlardan voz keching. Farzand ko`rish istagida bo`lgan erkak kamida 3 oy oldin spirtli ichimliklardan voz kechishi shart. Negaki, sperma miqdorining to`laqonli almashinishi uchun 72 kun kerak bo`ladi. Alkogolni xatto, kichik miqdorda qabul qilish sperma sifatiga ta`sir qiladi, jinsiy maylni pasaytiradi. Jinsiy yaqinlik kunlarida esa spirtli ichimliklar ichish umuman xavfli. Bu bolaning nuqson bilan tug`ilishiga olib kelishi hech gapmas. Tamaki chekishni ham kamida 2 oy oldin tashlash kerak. Negaki, ayolingiz tamaki hididan nafas olishga majbur bo`lgani uchun undagi follikulalar vaqtida yorilmasligi mumkin. 2-tavsiya: Ovqatning sarasini emas, foydalisini iste`mol qiling. To`g`ri, yog`li, qovurma go`shtli shohona taomlarga o`rgangansiz. Ammo ayni shu odatingiz bu davrda sizga pand bermasligi kerak. Sababi, bu taomlar qorningizni to`ydirsa-da, organizmga foydasi yo`q hisob. Oldingizda turgan maqsadni amalga oshirish uchun biroz parhez qilishga to`g`ri keladi. Yengil hazm bo`ladigan, bug`da pishirilgan taomlar, baliq, yog`siz go`sht mahsulotlari (faqat kolbasa, sosiska, qazi-qarta emas) tarkibidan topasiz. Shuningdek, gazli va har xil energetik ichimliklardan voz kechish muhim. 3-tavsiya: Sauna va sportni cheklang. Saunadagi issiq muolajalar ta`sirida erlik urug`i kamharakat bo`lib qoladi. Tos sohasida issiqlikning oshishiga zavod-fabrika sexlarida ishlash, avtomobil o`rindig`iga isituvchi moslama o`rnatish, tor ichki kiyim kiyish ham ta`sir qiladi. Sport bilan shug`ullangan paytda erkak o`zini ortiqcha zo`riqtirib qo`yishi mumkin. Bundan tashqari, mushak massasini ko`paytiradigan har xil vositalar qabul qilish urug` miqdorining kamayishiga olib keladi. 4-tavsiya: Kasalliklarni vaqtida davolang. Gaymorit, zararlangan tishlardan tortib jinsiy shamollashlargacha bo`lgan barcha holatlarni izchillik bilan davolash muhim. Aks holda, barcha urinishlaringiz zoye ketishi mumkin. 5-tavsiya: Telefonni cho`ntakda olib yurmang. Bu odatingiz sizga qimmatga tushishi mumkin. Kompyuter yonida iloji boricha kamroq o`tiring yoki vaqti-vaqti bilan tanaffus qiling. Uyali aloqa vositasi hamda kompyuter monitoridan taralayotgan radioaktiv nur jinsiy faoliyatingizni susaytirib, spermaga ta`sir qiladi. 6-tavsiya: Stresslarga chap bering. Jig`ibiyron bo`laversangiz, organizmingiz bu vaziyat otalik uchun to`g`ri kelmaydi, deb baholaydi va erlik urug`i ishlab chiqilishi o`z-o`zidan susayadi. Shuningdek, qanchalik band bo`lmang, tunda 8 soat uxlashga, haftada bir kunni faqat dam olishga sarflash zarur. Negaki, doimiy stresslar aslida zo`riqish va charchoqning alomati hisoblanadi. 7-tavsiya: Darmondorilar qabul qiling. Ko`pchilik erkaklar buni mutlaqo keraksiz hisoblashishadi. Ammo darmondori tarkibidagi E vitamini va ruh moddasi spermani ko`paytiradi, karnitin esa spermatozoidlarning harakatchanligini oshirib, ayolning tezroq homilador bo`lishiga xizmat qiladi. Taomnomangizda doim sut mahsulotlari, tuxum, yong`oq, sitrus mevalar, o`simlik yog`lari, jigar, baliq bo`lishi vitamin yetishmasligidan asrab, organizmga kerakli darajada quvvat bag`ishlaydi. Shunday ekan, barcha imkoniyatlardan foydalanib qoling. Shifokor-ginekolog Xulkar RAVShANOVA hamda shifokor-androlog Zarifjon manba: Darakchi.uz | |
| |
Просмотров: 2990 | |