×

Alalal(30)


Baland poshna asorati: afsona va haqiqatlar

Baland poshnali tufli kiyib, xorazmlik bir qo`shiqchi kuylaganidek, «sollana-sollana» yuradigan, modadan bir qadam ham ortda qolishni o`zlariga or biladigan zamonaviy qizlar bunday poshnalar zarari haqida gapirilganda ensa qotirishlari tabiiy. Lekin ular 10-15 yildan keyin hozirgi chiroyli oyoqlari o`z ko`rkamligini yo`qotishi mumkinligi haqida o`ylab ko`rishsa bo`lardi. Bosh barmoq asosidagi xunuk bo`rtmalar muammosi endilikda 70% ayollarni bezovta qila boshladi. Ammo bunday o`zgarishning oldini olish mumkin.

Barmoqlarning yoyilib turishi

Yo`k, bu g`alati shakl emas—kasallik. Shifokorlar uni  «xalyus valgus» deyishadi. U asosan 40-50 yoshlar arafasida bezovta qilishni boshlaydi. Oyoq panjasi baland poshnali va ingichka uchli oyoq kiyimida aksariyat holda siqilib qoladi. Paylari cho`ziladi. Bora-bora paylarning bog`lovchi apparati shikastlanadi. Oyoq panjalariga diqqat bilan qaraganda bosh barmoq boshqalaridan ajralib (boshqa barmoqlardan orasi ochilibroq) turganiga ko`zingiz tushadi.

Keyinchalik oyoq panjasining ichki tomonida, bosh barmoqning ostida qadoqqa o`xshagan shish paydo bo`ladi. Vaqt o`tib, bu shish qotib, og`riq bera boshlaydi. Shunda ham tinmay siqib turuvchi va poshnali oyoq kiyimlar kiyadigan bo`lsangiz, oyoq panjasi xunuk ko`rinish kasb etadi. Panja ichkariga qayrilgandek bo`lib, barmoqlar yoyilib turadi.

Kimda uchraydi?

Xalyus valgus  ko`proq sartaroshlar, sotuvchilar, oshpazlar va shular singari ish kunini tik oyoqda o`tkazadiganlarning kasbiy kasalligi hisoblanadi. Biroq bu kasallik har kuni og`ir sumkalar ko`tarib bozor qilib keladigan, kun bo`yi gaz plitasi oldida kuymalanadigan uy bekalarini ham chetlab o`tmaydi. Bundan tashqari, uzoq masofaga yugurish, chang`i uchish ham oyoq panjasining bog`lovchi apparatini zo`riqtirib, shu kasallik paydo bo`lishiga zamin yaratadi. Demak, xalyus valgus sportchi ayollar uchun ham begona emas. Yillar davomida paydo bo`lgan yassi oyoqlik ham aynan shu kasallik oqibatidir.

O`ttiz yoshdan boshlab…

Kasallik shakllanishining oldi olinsa bo`ladi. U og`ir bosqichga o`tishidan avval ya`ni 30 yoshlar arafasida oyoqlarga ko`proq ahamiyat berishni boshlang. Shifokorlar fikricha, buning uchun dastlab yassioyoqlikka qarshi kurashish kerak. Birinchi sharti oyoq kiyimiga ahamiyat berish. To`g`ri, hech kimning ham ayni yoshlik chog`ida qomatni chiroyli ko`rsatadigan baland poshnali oyoq kiyimlardan voz kechgisi kelmaydi. Lekin ularni kundalik zaruratga aylantirmay, faqat tadbir yo tantanalarda kiyish mumkinku? Shunga qaramay, poshnasiz oyoq kiyim, yoki krasovka ham bekamu-ko`st tanlov emas. Ularni har doim kiyish tovonni ham zo`riqtiradi. Yaxshisi, har kuni kiyib yurish uchun uncha baland bo`lmagan poshnali va uchi tor bo`lmagan oyoq kiyim tanlang.

Oyoqlar har doim chiroyli bo`lsin!

Qarigan chog`ingizda oyoq og`rig`idan nolishni istmasangiz, yoshlikda oyoqlar parvarishiga ko`proq vaqt ajrating. Qizlar gimnastika bilan shug`ullanish jarayonida ham ko`proq qomatni ko`rkamlashtiruvchi mashqlarga e`tibor berishadi. Bunga qo`shimcha sifatida  har kuni 10 daqiqa vaqt oyoq barmoqlari uchun mashg`qlar bilan shug`ullanishga ajratilsa chakki bo`lmasdi.

Eng oson mashqlar:

  • Oyoq barmoqlari bilan biror-bir buyumni ushlab olishga urinish va yumshoq matoni ko`tarish;
  • o`qlovga o`xshash predmetni oyoq bilan polda yumalatish;
  • qiyshiq xoda ustidan yalangoyoq yurish;
  • gimnastik devorga chiqish;
  • oyoq panjasini bukish va rostlash;
  • vaznni to to`piq to panjalarga tashlab harakatlantirish;
  • oyoq uchida o`tirib-turish;
  • maxsus uqalovchi gilamcha ustida yurib turish;

Jismoniy mashqlardan tashqari oyoqni uqalab turish ham yaxshi natija beradi. Bunda oyoq panjasining ichki qismini ko`proq, qattiqroq zo`r berish kerak. Tartibiga ko`ra, ishni dastlab silovchi harakatlar bilan boshlab, oyoq biroz qizigach, bosh va ko`rsatkich barmoq bilan qattiq uqalash kerak. Jarayon oyoq barmoqlaridan boshlanib, to`piqda tugaydi. Oxirida oyoq barmoqlarini qo`llaringiz bilan bir-necha marotaba bukib, rostlab ko`ring. Uqalash kursi o`rtacha 1,5-2 oy davom etishi lozim.

Категория: Советы для женщин | Добавил: Semeh (28.09.2016)
Просмотров: 1844 | Рейтинг: 1.0/7
home-page--v1 messaging- mms tasks--v1