×

Alalal(30)


Bekalar diqqatiga! Oshxonadagi 8 zararli odat

Har bir uy bekasining oshxonada o`ziga xos sir-asrorlari bor. Lekin bunday «mahorat»ga ega bo`lmagan bekalar ham uchrab turadi. Ovqatning bemazaligiga esa ba`zi hollarda zararli odatlarimiz «aybdor» bo`ladi. Bunday odatlar natijasida ba`zan tayyorlangan taom salomatlik uchun xavf tug`dirishi ham mumkin.

1. Yog`ni tutuni chiqquncha qizdirish

Noto`g`ri: odatda ko`pchilik avval qozonni qizdirib, so`ng yog` soladi. To yog`dan oq tutun chiqmaguncha mahsulotlarni solmaydi.

Chunki issiq harorat ta`sirida yog`ning mazasi taxirlashib, u qayta qizdirilganda tarkibidagi butun foydali antioksidantlar o`rnini xavfli moddalar egallay boshlaydi.

Maslahat: ovqat pishirish uchun solingan yog`ni yengil qizdiring, ya`ni undan oq tutun chiqqunicha kutmang.

2. Ovqatni ko`p aralashtirish (kovlash)

Noto`g`ri: ko`pincha «ovqatni ko`p-ko`p aralashtirib turish kerak, shunda unga maza kiradi», deyishadi.

Aslida esa ovqatni ko`p aralashtirish natijasida mahsulotlar yaxshi qovurilmaydi va maydalanib ketadi. Natijada suyuq ovqatingiz bo`tqadek bo`lib, tiniqligini ham yo`qotadi.

Maslahat: ovqatni uncha ko`p aralashtirmang, tagiga olmaydigan darajada kovlab turishingizning o`zi etarli.

3. Ko`p mahsulotni birdaniga qozonga solish

Noto`g`ri: kartoshkani qizartirib qovurishni istasangiz, uni kichik porsiyalar bilan yog`ga soling. Aks holda u qovurilgan emas, bug`da pishgan kartoshka holiga keladi. Go`shtning ham ko`pini kam yog`ga solsangiz, qozon harorati tezda tushib ketadi. Natijada go`sht qozon tagiga yopisha boshlaydi.

Maslahat: mahsulotlarni alohida-alohida qovurib olib, so`ng hammasini aralashtiring. Bu albatta qo`shimcha vaqt talab qiladi, ammo shu bilan birga, taomingizga o`zgacha ta`m ham beradi.

4. Go`shtni qovurishdan avval yuvish

Noto`g`ri: go`shtdagi shilimshiqliqni tozalash uchun yuviladi. Ammo go`sht yuvilgan rakovina yoki idishingizning ichi bakteriyalarga to`ladi ham. Bu bakteriyalar esa turli kasalliklar kelib chiqishiga sababchi bo`ladi.

Maslahat: go`shtni qog`ozli salfetka bilan quritishning o`zi kifoya.

5. Antiprigar qoplamali tovani baland olovga qo`yish

Noto`g`ri: odatimiz bo`yicha qozonni olovga qo`yamizu tagini balandlatamiz. Ammo «chet ellik» antiprigar qoplamali tovalar bunday baland haroratda o`zidan PFU (perftoruglerod) ajrata boshlaydi. Organizmga tushgan bu ajralma esa oshqozon va ovqat hazm qilish tizimi buzilishiga olib keladi.

Maslahat: bunday tovalarda biror taom pishirish uchun uni engil qizdirish, baland olovga qo`ymaslik talab qilinadi.

6. Olovdan endi olingan go`shtni kesish

Sho`rva yoki boshqa taomning go`shtini olovdan olgach, biroz sovitib, o`z sharbatini shimdirish lozim. Ya`ni olovdan olingan pishgan go`shtni tezda bo`laklash yoki kesishga tushsangiz, u o`z sharbatini yo`qotadi.

Maslahat: yirik bo`lakli go`shtni olovdan olgach, 20 daqiqa, unchalik katta bo`lmagan bo`laklarni esa 5-10 daqiqa sovutgani qo`yib, keyin kesing.

7. Qovurma ovqatlarni temir kapkir bilan kovlash

Noto`g`ri: taomni temir kapkirlarda kovlaganda qozon qirilib, uning mayda qismlari ovqatga chiqadi. Xalqda buni «qozon qusdi», deyiladi.

Maslahat: ovqatni aralashtirish, kovlash uchun yog`och kapkirlar ishlating. Ayniqsa, antiprigar qoplamali tovada qovurayotgan bo`lsangiz, albatta yog`och kapkir ishlatish zarur.

8. Xamirni uzoq qorish

Noto`g`ri: xamirni qorgach, uzoq mushtlash kerak, degan fikr ham noto`g`ri. Xamir uzoq mushtlanganda ortiqcha yopishqoqlik yuzaga kelib, u qattiq bo`lib qoladi.

Maslahat: xamirni bir xil aralashma holiga kelgunga qadar qorishtiring. Xamir qorganda, unni avval elab qo`ygan bo`lsangiz ham yana bir bor elab oling. Bu xamir yumshoq bo`lishiga yordam beradi.

Mana shu kichik maslahatlarga rioya etsangiz, umid qilamizki, mazali va foydali taomlaringiz bilan oila a`zolaringizni mamnun qilasiz.

Категория: Советы для женщин | Добавил: s1_official (06.10.2016)
Просмотров: 2670 | Рейтинг: 1.0/1
home-page--v1 messaging- mms tasks--v1