×

Alalal(30)


Tug`ruqdan keyin: 10 nozik savolga 10 javob!

Tabriklaymiz! Ota-onalik baxtiga muyassar bo`ldingiz! Endi ertayu kech go`dakning atrofida parvonasiz. Ammo o`z salomatligingiz haqida ham  unutib qo`ymang. Axir hayot davom etadi…

Mutaxassis: oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Nilufar BO`STONOVA

Jinsiy hayotni qachon boshlash mumkin?

Momolarimiz har bir ayol tug`ruqdan keyin chilla saqlashini tavsiya etishlari bejiz emas. 40 kun davomida ayol tug`ruqdan keyingi zo`riqishdan xalos bo`ladi, go`dak ham bu orada yangi hayotga ko`nika boshlaydi. Shifokorlar har bir tuqqan ayol 6 hafta davomida o`zini asrab-avaylashi, imkon qadar og`ir ish qilmay, dam olishi kerakligini uqtirishadi. Ayol ko`zi yoriganidan 6 hafta o`tib, jinsiy hayotni yo`lga qo`yishi mumkin. Bu vaqtga kelib ajralmalar to`xtagan, bachadon va jinsiy a`zolar esa o`z holiga qaytgan bo`ladi. Keskin harakatlardan tiyilish va gigiena qoidalariga amal qilish lozim.

Kesarcha kesish o`tkazilgan bo`lsachi?

Kesarcha kesish amalga oshirilgan yoki epiziotomiya o`tkazilgan ayollar bu borada o`zini biroz ehtiyot qilishi zarur. Agar ayolning holati yaxshi bo`lsa, ortiqcha cheklovlar bo`lmaydi. Biroq jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganlar avvalgi hayotni davom ettirishga nafaqat jismonan, balki ruhan ham tayyor bo`lishlarini inobatga olish darkor.

Yaqinlik chog`ida og`riq yuzaga kelsa…

Tug`ruqdan keyin aksariyat ayollarda lyubrikasiya (estrogen gormonining miqdori kamaygani hisobiga  qin kerakli darajada namlanmasligi) kuzatilishi mumkin. Odatda jinsiy yaqinlikda ayol og`riq sezmasligi lozim. Ammo ayol og`riqlardan nolisa, bu biron kasallikdan dalolat beradi. Shifokor ko`rigidan o`tish esa masalani hal etishga yordam beradi.

Homiladorlikdan saqlovchi vositalar

Emizikli ayol homiladorlikdan tabiiy ravishda himoyalangan bo`ladi, degan fikr qisman to`g`ri. Biroq bu homiladorlikdan saqlovchi vositalarni ishlatmaslik uchun bahona bo`la olmaydi. Chunki har bir organizm individual tuzilgan. Demakki, ushbu masalani ginekolog va endokrinolog ko`rigidan o`tib, to`g`ri hal etish lozim. Shifokorlar ayolning holatiga qarab, aynan qaysi vositadan foydalanish ma`qul ekanligini aytishadi.

Ayolda xohish yo`qolsa…

Erkak “ota” degan nomga erishganidan quvonadi, ammo vaqt o`tib, rafiqasi faqat go`dak bilan ovora bo`lib, o`zi esa bir chekkada qolib ketayotganidan qiynaladi. Yosh ona farzandining tilini topguniga qadar erini ma`lum vaqtga unutib qo`yadi. Surunkali charchoq, hayotning yangi tarziga moslashish ayolni ruhan va jismonan toliqtiradi. Tabiiyki, o`z-o`zidan jinsiy yaqinlikka xohish so`nadi. Qo`rqitish fikridan yiroqmiz, biroq vaziyat tuzatilmasa, er-xotin o`rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Jinsiy hayot to`liq izidan chiqib ulgurmay, ginekolog va seksopatolog shifokorlarga ko`rinishni maslahat beramiz.

Er rafiqasiga yaqinlashay demasa…

Ayolining bola parvarishidan ortmayotganini odatiy holdek qabul qilgan ayrim erkaklar, vaqt o`tib, jinsiy yaqinliksiz yashashga ko`nikishadi. Ayolning o`zi taklif bilan chiqmaguniga qadar, erkak sustkashlikda davom etaveradi. Kamdan-kam bo`lsa-da, bunday vaziyatga ro`baro kelgan oilalar bor. Maslahatimiz, avvalo go`dakni buvi-bobosiga ishonib topshirib, er-xotin sayrga chiqing. Munosabatlarga yangilik kiriting, juda bo`lmaganda eski holiga qaytarishga urining. Oilani saqlab qolish yo`lida harakat qiling. Bilamiz, bola bilan  kun davomida charchaysiz, ammo… Vaziyatni siz qo`lga olishingiz zarur!

«Tinch qo`ying! Charchadim…»

Yoridan bu kabi gaplarni eshitishni istamaydigan erkaklar diqqatiga: ayolingizga biroz bo`lsada yordam bering! U sizga e`tibor berishidan avval o`ziga qarab olishi ham kerakligini bilasizmi? Shuning uchun farzandingizni bir soatga bo`lsa-da «otalig`ingiz»ga olishni taklif qiling. Bundan mamnun bo`lgan xotiningiz sizni ikki barobar quvontirishiga shubha yo`q.

Yana boshlandi…

Hayz siklining o`zgarishi, avvalo, gormonal fon bilan bog`liq. Homiladorlik va tug`ruqdan keyingi emizikli davrda ayolning gormonal holatida birmuncha o`zgarishlar kuzatiladi. Bu vaqtinchalik holat. Gormonlar faoliyatini tartibga solib olgach, hayz sikli ham tiklanadi. hayz kelish muddati va uning davomiyligida ham ba`zi o`zgarishlar bo`lishi mumkin. Tug`ruqdan so`ng 2-3 marta hayz ko`rganingizdan keyin tartibga tushadi. Agar me`yoriy holat tiklanmasa yohud biror bezovtaliklar bo`lsa shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Ortiqcha dard — bavosil

Ayolda surunkali qabziyat kuzatilsa, ilgari bavosil bilan kasallangan bo`lsa, tug`ruq jarayoni noto`g`ri kuchanish oqibatida gemorroidal tugunlar paydo bo`lish ehtimoli bor. Tug`ruqdan oldin va so`ng ichaklar faoliyati yaxshilansa, bavosil kelib chiqish ehtimoli kamayadi. Buning uchun to`g`ri ovqatlanish, yetarlicha suyuqlik ichish hamda qabziyatga yo`l qo`ymaslik kerak. Hozirgi kunda dorixonalarda bavosilni davolashda qo`llaniladigan vositalarning turi juda ko`p. Bu dardni o`zbilarmonlarcha davolashga urinmasdan, albatta shifokorga murojaat qiling. U aynan sizga to`g`ri keladigan preparatni tavsiya etadi. Shuningdek, bu vaqtda og`ir yuk ko`tarish va jismoniy harakatlar qilishni maslahat bermaymiz.

Qorin qo`ygan ayollar

Tashqi ko`rinishingizdan ko`p ham aziyat chekmang. Homiladorlikning oxirgi uch oyligida homila kattarishi bilan qorinning ham hajmi ortadi. Bu davrda qorin bo`shlig`i atrofidagi bir guruh mushaklar bilan birga teri ham cho`ziladi. Albatta, bu yerda bir qavat himoyalovchi yog` qatlami bo`lishini ham yodda tutish lozim. Farzand dunyoga kelgach esa onaning zukko organizmi qorinning avvalgi hajmiga ehtiyoj qolmaganini darrov sezadi. Hech qanday mashqlar bajarilmasa ham qorin avvalgi holiga qaytishni boshlaydi. Ammo… makkor organizmning jismoniy xotirasi ishga tushib qolishi hech gap emas. Keyingi homiladorlik yuz berishini inobatga olib, qorin qolib ketishi ham mumkin. Shu sababli juftingiz ko`z o`ngida sarvqomat ko`rinishni istasangiz, o`z ustingizda ishlashni maslahat beramiz!

Категория: Советы для женщин | Добавил: s1_official (13.10.2016)
Просмотров: 20648 | Рейтинг: 1.1/15
home-page--v1 messaging- mms tasks--v1