Bolangiz bog'chaga borishni xoxlamayaptimi?
Uyda o‘tirib o‘rgangan farzandingiz bog‘chani quvonch va tashabbus bilan qabul qilishiga ortiqcha umid bog‘lamang. Albatta, shunday bolalar borki, ular uchun bolalar bog‘chasi ilk kundanoq ikkinchi uyga aylanib qoladi. Ammo bunday bolalar juda kam. Ko‘pchilik bolalar uchun bog‘chaga moslashishda u yoki bu qiyinchiliklar yuzaga kelishi tabiiy hol. Bunday xatti-harakatning sabablari nimada? Bola uchun ulkan stress manbai — muhitning o‘zgarishi hamda avvaldan notanish bo‘lgan bolalar va kattalar bilan birga bo‘lish. Ayniqsa, shu paytgacha faqat ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilangina muloqotda bo‘lgan uch yashar bolalar buni og‘ir kechiradi. Agar bolani onasi bungacha tush vaqtida uxlatmagan bo‘lsa, bog‘chadagi uyqu vaqti tufayli, unda yoqtirmaslik kelib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, uch yoshgacha bolalarda allaqachon taomlar borasida o‘z fikrlari shakllangan bo‘ladi, bog‘chada esa barcha tarbiyalanuvchilar uchun bir xil taomnoma bo‘ladi. Yana bir sabab — tengdoshlaridan ranjish va nizoli vaziyatda o‘zini qanday tutishni bilmaslik. Har bir bola — yorqin individuallik, buning ustiga, hamma bolalar ham bolalar maydonchalarida tengqo‘rlari bilan muomala qilish bo‘yicha yetarlicha tajriba orttirmaydi. Bolaning muayyan pedagogga nisbatan antipatiya (yoqtirmaslik hissi)sini ham istisno qilish kerak emas. Onalar ba’zan bolalar bir tarbiyachiga jon deb yugurib ketishini, boshqalariga esa ularni kuch bilan ham olib borib bo‘lmasligini payqagan bo‘lsa kerak. Ba’zan esa hammaning e’tibor berishiga o‘rgangan mitti erkatoylar shunchaki “begona xola”ga quloq solishdan bosh tortadi. Yana bir yaqqol omil — bog‘chaga psixologik jihatdan tayyor emaslik. Bola qoshiqni tutish, qo‘llarini yuvish, tuvakka o‘tirishni bilishi kerak. Bunday ko‘nikmalarning bo‘lmasligi ko‘pincha tengqurlari masxara qilishiga, pedagoglar esa norozi bo‘lishiga olib keladi. Ta’sirchan bola bog‘chaga borishdan bosh tortishiga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Ko‘rib turganimizdek, bolalar bog‘chaga borishni istamasligi sabablari turli xil. Ularning aynan qaysi biri sizning holatingizda ustunlik qilishini bilib olish uchun farzandingiz bilan samimiy tarzda gaplashib oling yoki pedagog bilan maslahatlashing. Ehtimol, tajribali tarbiyachi sizga muammoni yechishning eng samarali yo‘lini tavsiya qiladi. | |
| |
Просмотров: 1458 | |