1. Qo‘y go‘shti — 1 kg.
2. Qo‘y dumbasi — 200 gr.
3. Sariq sabzi — 1 kg.
4. Piyoz — 0,5 kg.
5. Guruch — 1 kg.
6. Ivitilgan no‘xot — 1 stakan.
7. Ziravorlar.
8. Zig‘ir (paxta) yog‘i — 1 cho‘mich
Tayyorlanishi:
Qozonga yog‘ solinadi. Va u qizigach, go‘sht solinib, qizargunicha qovuriladi. Ustiga to‘g‘ralgan piyoz solib, uni ham qizargunicha qovuriladi. Oshni rangi piyozni qovurilishiga qarab o‘zgaradi. Agar siz oqishroq oshni hohlasangiz, piyozni ko‘p qizartirib qovurmang. Agar piyozni go‘sht rangiga yaqin qizartirib qovursangiz, osh qizil tusda bo‘ladi.
Qizargan piyoz ustiga to‘g‘ralgan sabzini solamiz. Sabzi ezilib, yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun uni uzoq qovurmang. Sabzi biroz o‘lgach, masallliqlar ko‘milgunicha suv solamiz. Keyin, oshda dumba erib, yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun suvga dumba solinadi. Agar dumbani ta’bingiz ko‘tarmasa, qozonga solinadigan yog‘ning miqdorini ikki barobar ko‘p soling. So‘ng, ta’bga ko‘ra tuz, zira, dumba va no‘xotni solamiz. Ushbu daqiqada osh uchun maxsus ziravorlar to‘plamini solishingiz ham mumkin.
Masalliqlar 15-20 daqiqa qaynagach, tuzini yana bir marotaba tekshirib ko‘rib, yetarli bo‘lmasa, sozlaymiz. Qozon tagidagi olov balandlanib, ustiga guruch solamiz. Bunda, guruchni ikki xil usulda solish mumkin. Birida guruch tozalanib, yuvilib, solinadi. Ikkinchisida guruch avvaldan suvda ivitib qo‘yiladi. Ikkinchi usul qo‘llangan holatda qozondagi qaynayotgan masalliq suvi miqdori kamroq bo‘lishi lozim. Chunki guruch ivitilgan vaqtda kerakli suvni shimib olgan bo‘ladi.
Qozonga solingan guruch suvi tortilgunicha aralashtirilmay qaynatilinadi. Bunda qozondagi guruch bir xilda qaynashi lozim. Aks holda, qaynayotgan tomon guruchi yetilib, qaynamagan joyi guruchi esa tirik bo‘lib qolishi mumkin. Suv tortilganini qozon chetiga kapgirni tiqib ko‘rib, bilamiz. Suv tortilgandan so‘ng guruch o‘rtaga do‘ppidek yig‘ilib, o‘rtasiga kapgir sanchiladi. Bu kapgir sanchish guruch atrofida bug‘ aylanishini ta’minlaydi. So‘ng, qozon usti yopilib, osh 15-20 daqiqa past olovda dimlanadi.
Yoqimli ishtaha!