×

Alalal(30)


СИЗ ОИЛАДА НЕЧАНЧИ ФАРЗАНДСИЗ?
Oilada nechanchi farzand ekaningizga qarab, xarakteringizni belgilab beramiz

Butun dunyoga mashhur ruhshunos-tahlilchi Alfred Adler bir ota-onadan tug'ilgan, bir xil oilaviy sharoitda ulg'aygan farzandlarning fe'l-atvori har xil bo'lishi sabablarini chuqur o'rganib chiqqan. To'ng'ich farzandning hayotiy tajribasi, boshqa bolalar bilan munosabati keyingi farzandlarga o'rnak bo'ladi va ularning shaxsiyati shakllanishida muhim rol o'ynaydi. Adlerning fikricha, bolaning tug'ilish tartibi hattoki go'dakning kelajakda uchrashi mumkin bo'lgan muammolarini ham belgilab beradi. Ishonmaysizmi, unda maqolamizni diqqat bilan o'qing.

To'ng'ich farzand

Birinchi bo'lib tug'ilgan farzand alohida fe'l-atvorga ega bo'ladi. U oila an'analarining davomchisi, mas'uliyatli, ota-bobolaridan o'tib kelayotgan kasbni tanlaydi, aniq fanlarni yoqtiradi, yetakchilik xususiyatlariga ega. Ota-ona tomonidan bildirilgan ishonch ularni xuddi shunday xarakterda tarbiyalaydi. To'ng'ich farzandlar orasida deputat hamda prezidentlar ko'plab uchrab turadi. Hatto birinchi bo'lib tug'ilgan bolalarning aqliy qobiliyati boshqalarnikiga qaraganda ustun bo'lishi ham tasdiqlangan. Kichik farzandlar nafaqat ota-onasi, balki to'ng'ich farzandlar bilan ham hisoblashishga majbur.

To'ng'ich farzandlarga tegishli yana bir jihat — ota-onalarning ularga maksimal ishonishidir. Ayni shu kuchli ishonchga egalik ularni hayotda yuksak marralarni zabt etishga undaydi. Muvaffaqiyat ularga doim hamroh bo'ladi.

Adler talqinicha, to'ng'ich farzand oilada yagona farzand bo'lsagina unga havas qilish mumkin. Ota-onalar ko'pincha birinchi farzandga bor mehr-muhabbatini hadya etadi. Biroq u o'zining yulduzlik onlaridan faqat ikkinchi farzand tug'ilgunicha bahramand bo'ladi. Uka yoki singilning tug'ilishi bosh farzandning hayotga bo'lgan qarashini dramatik ravishda o'zgartirib yuboradi.

Adler to'ng'ich farzand hayotida ikkinchi farzandning tug'ilishini xuddi «tojidan mahrum etilgan monarx» tarzida tasvirlaydi, u buni juda og'riqli qabul qiladi. Qachonki to'ng'ich farzand uka yoki singlisidan yengilayotganini his qilsa, avvalgi mavqeini tiklash, yana ota-onasi e'tiborini qozonishga urinadi. Biroq tabiiyki, muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, axir o'tmishni ortga qaytarib bo'lmaydi. Buning ustiga, ota-onasi uning bu harakatlarini to'g'ri tushunmay, ko'pincha jazolashga harakat qiladi.

Natijada to'ng'ich farzand mustaqil bo'lishga o'rganadi. Bundan tashqari, Adlerning fikricha, bosh farzand ko'pincha konservativ bo'lgani bois hokimiyat va yetakchilikka intiladi. Shu tariqa u oilaviy qoidalar himoyachisiga aylanadi. Kichkinalarga g'amxo'rlik qilishni o'rganib olganidan so'ng esa ularni himoya qilish asnosida o'zida ota-onalik xususiyatlarini paydo qiladi.

O'rtancha farzand

Oilada o'rtancha farzand tug'ma siyosiy qobiliyat bilan tug'iladi. U birinchisi ham emas, oxirgisi ham emas. Biroz vaqt u kichik farzand rolini o'ynab turadi, keyinchalik bu rol ham boy beriladi. O'rtancha farzand go'dakligidanoq raqobat muhitida ulg'ayadi. Chunki ularga ota-onaning mehr va e'tibori kamroq bo'ladi. Aslida, ota-ona o'rtancha farzandiga ko'proq e'tibor qaratishi lozim. Raqobat saboqlarini yaxshi o'zlashtirgan o'rtanchalardan ajoyib diplomatlar yetishib chiqishi mumkin. Ular klassik kasblarni tanlashmaydi, chunki ularning gardaniga ota kasbini davom ettirish tashvishi tushmaydi.

Ikkinchi farzand avvalboshdanoq to'ng'ich farzandning rekordlarini yangilashga harakat qiladi va ko'pincha buni uddalaydi ham. Aksariyat hollarda bunday bolalar opa-akalariga qaraganda tez yurib, gapirishni ham erta boshlaydi.

Bundan tashqari, ular kichik farzandlarga g'amxo'rlik qilish mas'uliyatini, ular bilan ota-onalar mehrini bo'lishishni ham gardaniga oladi. Bu holat unda haqiqatparastlik, adolat hissini sevish tuyg'ularini tarbiyalaydi. O'rtancha farzandlarda xudbinlik juda kam bo'ladi.

Uning hayot tarzi opa-akasi yoki uka-singillaridan zo'rligini isbotlash bilan o'tadi. Adlerning talqiniga ko'ra, o'rtancha farzand o'z oldiga juda katta maqsadlarni qo'yadi va unga
erishish uchun nafaqt to'g'ri, balki aylanma yo'llardan ham foydalanadi. Ko'pincha tinchliksevar va kirishimli bo'ladi. Munosabatlar bobida esa ishonchli va sadoqatli. Biroq raqiblarining nozik joyini topib, zarba berishga usta. Yoshligida ham, qarigan chog'ida ham do'stlarini juda
qadrlaydi.

Kenja farzand

Kichkina farzand haqiqiy qo'zg'olonchidir. U oilaga o'zining shaxsiy an'analarini targ'ib qiladi. Ko'pincha ulardan ijod kishilari: qo'shiqchi, aktyor, rassom va yozuvchilar yetishib chiqadi. Buning uchun ularning yetarli sababi mavjud: asosiy rollar egallab bo'lingan. Ota-ona kenjatoyini juda erkalatib yuboradi, unga yoshi katta bo'lib qolganida ham mehr va g'amxo'rlik ko'rsatadi. Zaiflik va kuch bir ruhda mujassam — bunga sabab, ota-ona va oiladagi barcha farzandlar tomonidan bosim yuqoriligi. Ta'qib qanchalik yuqori bo'lsa, bolada shuncha ko'p isyonkorlik qobiliyati uyg'onadi. Kenjalar hayotda tavakkal qilishni yaxshi ko'radi. Ular sport bilan faol shug'ullanadi, tavakkal bilan kasb tanlaydi. Ularning qarorlari hayotga qancha yaqin bo'lsa, shuncha yaxshi. Kenja farzandlarning bunday tarbiya topishiga birinchi sabab ular hech qachon tojni yo'qotish tashvishini boshdan kechirishmaydi. Nafaqat ota-ona, balki katta farzandlarning mehr-muhabbati ham ularga yetib ortadi. Ikkinchidan, agar ota-onaning topish-tutishi yaxshi bo'lmasa, u opa-akalarining kiyimlaridan foydalanishga majbur. Uchinchidan, katta farzandlar doim unga o'z so'zlarini o'tkazishga harakat qiladi, bundan ular o'zlarini kuchsizman, deb hisoblay boshlaydi, o'ziga ishonchi pasayadi.

Bularning barchasiga qaramay, kenjatoylarning asosiy bir ustunligi bor: katta farzandlar xatti-harakatlaridan xulosa chiqarishi. Natijada u tanlagan har qanday sohasida eng yaxshisiga aylanadi. Biroq ayni shu xislat gohida kenjatoylarni katta farzandlarga qaraganda mas'uliyatsiz va yengiltak qilib qo'yishi mumkin.

Yagona farzand

Agar oilada bor-yo'g'i bitta farzand bo'lsa, u butun umr ota-ona mehriga ko'milib yashaydi. Biroq buning teskari tomoni ham mavjud. Undan ota-ona barcha bolalarga bo'linadigan mas'uliyatni talab qiladi. Bundan tashqari, keksayib, ota-onasidan ajralganda mehrga muhtoj bo'lib qolishi mumkin.

Adlerning fikricha, yolg'iz farzandning boshqa opa yoki ukasi bo'lmagani tufayli hech kim bilan raqobat qilishi shart emas. Shunday holatlarda u ko'pincha otasi bilan raqobatga kirishib, onasining mehrini talashadi. Bu unda xudbinlik tuyg'ularini shakllantiradi. O'z tengqurlari bilan munosabatlarini ham og'irlashtiradi.

Biroq ularning shaxsiyati shakllanishi oiladagi tarbiya va muhitga ham bog'liq.

Bundan tashqari, yolg'iz farzandlar boshqa bolalarga qaraganda ota-ona talablariga ta'sirchan bo'ladi. Ularning aksariyati juda erta ulg'ayishadi. An'analarga sodiq, haqiqatparast, muvaffaqiyatga erishuvchan, ba'zida yetakchilik qobiliyatiga ham ega bo'ladi.

Ko'pincha bunday farzandlar oila qurganda juda qiynaladi, boshqa odamning ham o'z shaxsiy fikri bo'lishi mumkinligini hazm qila olmaydi. Yolg'iz farzand an'analar davomchisi yoki isyonchi bo'lishi mumkin. U yo barcha qoidalarni qabul qiladi, yo unga qarshi chiqadi. Hech qachon o'rtaliqni tanlamaydi.

To'ng'ich farzand ideallarga intiluvchan; muvaffaqiyatga erishuvchan; etakchi; hokimiyat kishisi; mas'uliyatli; moslashuvchan; vijdonli; ishonchli; ehtiyotkor; nazorat qiluvchi.

O'rtancha farzand vaziyatga moslashuvchan; mustaqil; yaxshi suhbatdosh; tinchliksevar; kirishimli; gapga quloq soladigan; yolg'izlikka moyil.

Kenja farzand kirishimli; jozibali rahmdil, do'stlarini yaxshi ko'radigan; cho'rtkesar; manipulyator hazilkash; e'tibor talab qiladigan; xudbin.

Yolg'iz farzand o'ziga ishongan; vijdonli; mas'uliyatli; ideallikka intiluvchan; diqqat markazida bo'lishni yoqtiradi; erta ulg'ayadi; doim atrofdagilar qo'llab-quvvatlashini istaydi; arazchi, Yetakchi.
OZODA tayyorladi.
Категория: Психологические тесты | Добавил: s1_official (03.07.2019)
Просмотров: 7653 | Теги: ФАРЗАНДСИЗ?, НЕЧАНЧИ, ОИЛАДА, СИЗ | Рейтинг: 0.0/0
home-page--v1 messaging- mms tasks--v1